Toshkentda isitish mavsumi 3-noyabrdan boshlanadi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Meteorologiya xizmati ma’lumotlariga muvofiq Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan, markazlashgan issiqlik ta’minoti ijtimoiy obyektlarda 3-noyabrdan, turar joy obyektlarida 5-noyabrdan yo‘lga qo‘yiladi.

Hokimlik aholi turar-joylari yoki rahbarlikdagi muassasalarda issiqlik ta’minoti yoqilishida muammo va nosozliklar aniqlansa, issiqlik yetkazib beruvchi tashkilot, XUJMSH va BSK rahbarlari yoki mutasaddilari tomonidan belgilangan ishlar to‘liq amalga oshirilmayotganligi kuzatilsa, 1055 yoki 71 210−01−87 raqamlariga yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga murojaat qilishni so‘ramoqda.

Spot avvalroq Toshkentda isitish mavsumi kelasi haftadan boshlanishi mumkinligi haqida yozgandi. 3-noyabrdan O‘zbekistonda havo keskin sovib ketishi kutilmoqda, ayrim joylarda yomg‘ir qorga aylanadi, ayrim joylarda kechasi 0−3 darajagacha sovuq bo‘lishi mumkin.

Veolia Energy Tashkent isitish mavsumining boshlanish muddati haqida ma’lumotga ega emasligini Spot’ga ma’lum qildi. Hokim qarorni ob-havo ma’lumotlari asosida qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha kompleks hisobotini ko‘rib chiqqandan so‘ng qabul qilishi kerak.

O‘tgan yili Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov isitish mavsumini 7-noyabrdan boshlash bo‘yicha topshiriq bergandi. Shundan so‘ng, Veolia Energy Tashkent hokim qarori bilan tasdiqlangan jadval asosida issiqlik ta’minotini yo‘lga qo‘ydi.

Avvalroq Toshkent hokimi issiqlik va issiq suv tariflarini oshirishni ma’qullagani haqida xabar berilgandi.