Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotiga ko‘ra, 2025-yil oktabr oyida oylik inflyatsiya 0,6% ni tashkil etib, sentabr oyidagi darajada shakllandi.
Narxlarning o‘sish sur‘ati 2024-yilning oktabriga nisbatan bir baravardan ortiqqa pasaydi, o‘shanda bu 0,8% edi.
Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida inflyatsiya 5,7% ni tashkil etdi. Yillik inflyatsiya oktabr oyida 7,8% darajasida qayd etilib, oy davomida 0,2% ga, o‘tgan yilning oktabriga nisbatan esa 2,4% ga pasaydi.

Meva va sabzavot mahsulotlari narxi o‘zgarishini hisobga olmaganda, inflyatsiya oktabr oyida 0,5% ni, yillik nisbatda esa 8,6% ni tashkil etdi.
Oy davomida asosiy mahsulotlardan tuxum (4,1%), suyakli mol go‘shti (1,7%), sut (1,2%) hamda o‘simlik yog‘i (0,8%) ning narxlari oshgan. Bundan tashqari, asosiy meva-sabzavotlardan pomidor — 61,%, bodring — 58,2%, baqlajon — 11,3% hamda bulg‘or qalampiri 10,6% ga sezilarli qimmatlagan.
Nooziq-ovqat mahsulotlari oy davomida 0,4% ga, yil boshidan — 4,4%, o‘tgan yilning oktabriga nisbatan esa 5,8% ga qimmatladi. Xizmatlar bir oyda 0,3% ga, yillik hisobda esa 8,7% ga oshgan.
Hududlar kesimida eng yuqori oylik inflyatsiya Andijon (0,9%) da kuzatilgan bo‘lsa, yettida hudud — Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida eng past — 0,5% ni tashkil etdi.
Shu bilan birga, yanvar-oktabr oylarida narxlar eng ko‘p Qoraqalpog‘iston va Farg‘onada (6,2%), eng kam Toshkent shahrida (5,1%) oshdi. Yillik inflyatsiya esa Farg‘ona viloyatida eng yuqori bo‘ldi — 8,6%. Narxlar eng kam Jizzaxda (7,1%) ko‘tarildi.
Avvalroq Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov inflyatsiya past bo‘lishi uchun mamlakat ichida raqobatni kuchaytirish va savdo cheklovlarini kamaytirish zarurligini ta‘kidlagandi.
