O‘zbekiston hukumati qiymati keskin oshgan ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar narxini barqarorlashtiradi. Bu haqda 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Ishmetov aholi kundalik hayotda ko‘p iste’mol qiladigan ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlar narxlarining yillik o‘sishi sentabr oyida 8% gacha sekinlashgan umumiy inflyatsiyadan sezilarli darajada baland qolayotganini qayd etdi. Xususan, yil davomida mol go‘shti 23,2% ga, kartoshka 18,5% ga va benzin 11,8% ga qimmatlashgan.
“Ushbu mahsulotlar taklifini va narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaliy choralar ko‘rilmoqda”, — dedi u.
Bundan tashqari, kelgusi yillarda inflyatsiyaning past darajada barqaror shakllanishini ta’minlash uchun inflyatsiyaning taklif bilan bog‘liq fundamental omillarini bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi.
Buning uchun birinchi navbatda ichki bozorda raqobatni kuchaytirish, tarif va notarif cheklovlarni kamaytirish, tovarlar importida konsentratsiyalashuv darajasini pasaytirish choralarini ko‘rish zarurligi aytildi.
Shu bilan birga, tovar va xizmatlar taklifini oshirishni ta’milashda energiya resurslarini yetkazib berish uzluksizligi va yetarli darajada transport infratuzilmasi potensialini shakllantirish kabi chora-tadbirlar e’lon qilindi.
Markaziy bank prognoziga ko‘ra, 2026-yil oxiriga kelib inflyatsiya 7% gacha sekinlashadi. Tashqi inflyatsion bosimning pasayishi va inflyatsion kutilmalarning barqarorlashishi natijasida 2027-yilda inflyatsiyaning 5% lik target darajasigacha pasayishi, 2028-yildan esa target atrofida saqlanib qolishi kutilmoqda.
Sentabr oyida Markaziy bank inflyatsiya infografigini e’lon qilgandi: yillik ko‘rsatkich 8% ni tashkil etdi — bu 2022-yildan beri eng past ko‘rsatkich. 10% dan ortiq qimmatlashgan tovarlar ulushi 14% gacha pasaydi (avgust oyida — 18%).
Oziq-ovqat mahsulotlarida 86% savatlar 10% dan kam narxga qo‘shilgan. Shu bilan birga, xizmatlarning taxminan yarmi 10% ga va undan yuqoriga oshdi. Yillik narxlar o‘sishi bo‘yicha Top-5 tovar yoki mahsulot haydovchilik kurslari (+73,3%), sabzi (+57,5%), ichki aviaqatnovlar (+57,3%), limon (+52,5%) hamda tarmoq gazi (+39,2%) bo‘ldi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank yil yakuni bilan inflyatsiya 8% gacha pasayishini kutayotgani haqida yozgandi.
