Senatning 11-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda yuqori palata mtabuot xizmati xabar berdi.

Ayrim xorijiy davlatlarda maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun jarima jazolaridan tashqari “og‘zaki ogohlantirish” va “ogohlantirish” jazosi borligi taʼkidlandi. Bunda birinchi marta kichik huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarga jarima qo‘llash o‘rniga, ularning qilgan ishining oqibatlarini tushuntirib ogohlantirish amaliyoti ijobiy samara bermoqda.

Bundan tashqari, maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni foto va video qayd etuvchi texnika vositalari orqali aniqlash doirasini belgilash zarurati paydo bo‘lmoqda. Shuningdek, ushbu vositalar orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy jazo qo‘llash muddatlarini qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ga yo‘l harakati xavfsizligiga oid kichik huquqbuzarliklar uchun ogohlantirish jazosi joriy etilmoqda. Foto va video qayd etuvchi qurilmalar orqali aniqlanadigan huquqbuzarliklar ro‘yxati hamda ular bo‘yicha jazo qo‘llash muddatlari aniq belgilanadi.

Jumladan, MJtK yangi 171-modda bilan to‘ldirilib, foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan qoidabuzarliklarning turi aniq belgilanmoqda.

Shu bilan birga, ushbu kodeks 241-modda to‘ldirilib, maʼmuriy jazo sifatida maʼmuriy ogohlantirish chorasi kiritilmoqda.

Yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay qo‘llanilishi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Senatorlarning taʼkidlanishicha, joriy yilning 8 oyi davomida umumiy YTHlar 2,4% ga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 1,5% ga kamaygan. O‘lim bilan bog‘liq holatlar esa 5,6% ga pasaygan bo‘lsa, piyodalar ishtirokida sodir etilgan avtohalokatlar soni 1,6% ga kamaydi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

May oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari topshirig‘i bilan ma’muriy jazolar tizimiga yangi — “ma'muriy ogohlantirish” ta’sir chorasini kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi. Bunda birinchi marta sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun bir yilda faqat bir marta ogohlantirish berilishi belgilanmoqda.

1-iyundan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari kuchga kirdi. Ularni Yagona portal orqali bepul va hech qanday hujjatlarsiz onlayn tekshirish mumkin.

Shu oyda deputatlar yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingandi.

Spot, avvalroq, besh oyda 114 mingdan ziyod haydovchi jarima bali olgani haqida yozgandi.