Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish hamda prokuror nazoratini raqamlashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xzmati xabar berdi.
Bugungi kunda mamlakatda 31 mlndan ortiq aholi internetdan foydalanmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi besh yilda mamlakatda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga ko‘paygan. Joriy yilning o‘zida 46 mingdan ortiq kiberjinoyat aniqlangan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trln so‘mdan oshgan.
Fuqarolarning shaxsiy ma‘lumotlari, bank kartalari va elektron imzolari bo‘yicha firibgarliklar soni keskin ortib borayotgani qayd etildi. Jinoyatlarning katta qismi internet orqali amalga oshirilib, eng ko‘p tarqalgan usullardan biri — bank kartalari orqali sodir etilayotgan kiberfiribgarlik hisoblanadi.
Shaxsiy ma‘lumotlar himoyasi bo‘yicha aniq mexanizm mavjud emas, ayrim tadbirkorlar mijozlarning ma‘lumotlarini ochiq bazalarda saqlamoqda. Davlat xizmatlari sohasida ham biometrik identifikatsiya va elektron raqamli imzolardan foydalanishda kiberxavfsizlik bo‘yicha yetarli kafolatlar ta‘minlanmagan.
Shuningdek, bank tizimida kiberhujumlarning oldini olish, shubhali pul operatsiyalarini aniqlash va tezkor chora ko‘rish mexanizmlari yetarli darajada samarali ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.



Shu bois, taqdimotda sohaning huquqiy, texnologik va ilmiy-uslubiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilar bu borada ishlab chiqilgan yechimlarni bayon qildi.
Shaxsga doir ma‘lumotlar bilan ishlashda kiberxavfsizlik talablarini joriy etish va bunday ma‘lumotlarni shifrlab saqlash tartibini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta‘kidlandi. Ma‘lumotga ishlov beruvchi shaxslarning reyestrini yuritish hamda sohadagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Bank sohasida onlayn-mikroqarz ajratishda firibgarlar ta‘sirini cheklovchi zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish taklif qilindi. Firibgarlik natijasida jabrlanuvchining nomiga olingan mikroqarzni undan undirmaslik hamda shubhali hisobvaraqlarni tunu kun bloklash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi bildirildi.
Kiberjinoyatchilikning yangi turlari — smart qurilmalarga hujumlar, kriptoaktivlarni noqonuniy egallash kabi tahdidlarning oldini olish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta‘kidlandi.
Davlat rahbari takliflarni ma‘qullab, IIV Kiberxavfsizlik markazining salohiyatini oshirish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Ularni tezkor fosh etish bo‘yicha 7 turdagi yangi ekspertizani yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Avgust oyida banklarda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash xizmati tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Slovakiya banklar uchun qo‘shma kiberxavfsizlik markazini tashkil etishi mumkinligi haqida yozgandi.



