Yevropa Ittifoqi bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik tasvirlarini aniqlash maqsadida messenjerlar va onlayn xizmatlardagi foydalanuvchilar yozishmalarini majburiy tarzda tekshirish rejalaridan voz kechdi.
Le Monde va AFP nashrlari Yevropa institutlaridagi manbalarga asoslanib xabar berishicha, “Chat Control” deb nomlanuvchi loyiha Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar orasida o‘z qo‘llab-quvvatlashini butunlay yo‘qotgan.
Yevrokomissiya tomonidan 2022-yilda kiritilgan taklifga ko‘ra, xabar almashish platformalari va xizmatlari bolalarga nisbatan zo‘ravonlik alomatlari bo‘lgan materiallarni, shuningdek, jinoyatchilarning voyaga yetmaganlar bilan aloqa o‘rnatishga urinishlarini aniqlash va hukumatga xabar berish majburiyatini oladi.
Biroq, tashabbus hukumatlar, Yevroparlament deputatlari va shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan jiddiy bahs-munozaralar va qarshiliklarga sabab bo‘ldi.
Tanqidchilarning ta’kidlashicha, bunday choralar shaxsiy yozishmalarni, shu jumladan Signal va WhatsApp kabi shifrlangan messenjerlardagi xabarlarni ommaviy ravishda skanerlashni qonuniylashtiradi, bu esa maxfiylik tamoyillarini buzadi va suiiste’molchiliklarga olib kelishi mumkin.
Xususan, Germaniya, Niderlandiya va Avstriya, shuningdek, ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha Yevropa nazorat organi bunga qarshi chiqdi.
Platformalarga bunday kontentni ixtiyoriy ravishda aniqlash va xabar berish imkonini beruvchi amaldagi qoidalarning muddati 2026-yil aprelda tugaydi.
Daniya kabi bir qator davlatlar tashabbusni saqlab qolishni yoqlab chiqishgan, biroq endi murosa yo‘lida: majburiy nazorat o‘rniga ixtiyoriy mexanizmning amal qilish muddatini uzaytirish taklif qilinmoqda.
Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi 2028-yildan zaryadlovchi qurilmalarga qat’iy talablar joriy etishi haqida yozgandi.
Yangi qoidalar ishlab chiqaruvchilardan USB-C, ajratib olinadigan kabellar va energiya tejamkor adapterlardan foydalanishni talab qiladi.
