Avvalroq oktabr oyida oylik inflyatsiya 0,6% ni tashkil etib, sentabr oyidagi darajani qayd etgani haqida xabar berilgandi. Yil boshidan inflyatsiya 5,7% ni tashkil etdi, yillik ko‘rsatkich esa 7,8% gacha pasaydi.

Meva va sabzavot mahsulotlari narxi o‘zgarishini hisobga olmaganda, inflyatsiya oktabr oyida 0,5% ni, yillik nisbatda esa 8,6% ni tashkil etdi. Oziq-ovqat mahsulotlari oy davomida 0,9% ga, o‘tgan yilga nisbatan esa 5,9% ga oshdi. Nooziq-ovqat iste’mol tovarlari mos ravishda 0,4 va 5,8% ga, xizmatlar 0,3 va 14,4% ga qimmatlashdi.

Asosiy mahsulotlardan tuxum (4,1%), suyakli mol go‘shti (1,7%), qo‘y go‘shti (1,6%), sut (1,2%) hamda o‘simlik yog‘i (0,8%) ning narxlari oshgan. Pomidor — 61,%, bodring — 58,2%, baqlajon — 11,3% hamda bulg‘or qalampiri 10,6% ga qimmatlagan.

O‘tgan oyda guruch 2,5% ga, shakar 3,1% ga, parranda go‘shti 1% ga, tovuq boldiri 0,4% ga arzonladi. Shu bilan birga, limon (9,9%), sabzi (5,7%), karam (5,4%), piyoz (5,3%) va kartoshka (2%) narxlari ham sezilarli pasaydi.

Bundan tashqari, ayrim hududlarda kommunal xizmatlar tariflarining oshirilishi narxlarga ta’sir qildi: maishiy chiqindilarni olib ketish — 4,3%, issiq suv — 1,3% va issiqlik ta’minoti — 2,7% oshdi. Turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun materiallar narxlari oy davomida 0,5% ga qimmatladi.

Dori vositalari 0,4% ga, statsionar va ambulator davolash xizmatlari 0,3% va 0,2% ga va sog‘liqni saqlashning boshqa xizmatlari 0,3% ga oshdi.

Benzin narxi oy davomida 1,5% ga, yil boshidan esa 7,4% ga qimmatlashdi. Oktabr oyida narxlar quyidagicha bo‘ldi:

  • Al-80 benzinining narxi bir litri uchun — 8 400−9 700 so‘m;
  • Al-91 va Al-92 uchun — 10 500 dan 13 700 so‘mgacha;
  • Al-95 va Al-98 uchun — 12 ming dan 18 ming so‘mgacha;
  • Al-100 — 20 500 so‘m.

Propan narx bir oyda 3,3% ga oshdi. Metan narxi biroz (0,1%) qimmatlab, o‘tgan yilning oktabr oyiga nisbatan 30,5% yuqoriligicha qoldi.

Oy davomida transport xizmatlarida narxlar 2,5% ga qimmatlashdi. Shahar avtobuslarida yo‘l haqi 1,7% ga, shaharlararo avtobuslarda esa 1,1% ga oshdi. So‘m mustahkamlanishi natijasida aviaqatnovlar 3,5% ga, shaharlararo poyezd tariflari esa 0,2% ga arzonlashdi.

Bir oyda repetitorlik xizmati 1,1% ga, chet tillari kurslari 0,5% ga, xususiy bolalar bog‘chalari narxlari 0,4% ga oshdi. Umumiy ovqatlanish xizmatlari 0,5−0,7% ga qimmatlashdi, mehmonxona xizmatlari narxlari esa barqaror qoldi.

Pul o‘tkazmalari uchun komissiya 1,9% ga tushdi, biroq elektron to‘lov tizimlari orqali o‘tkazmalarda 2,7% ga oshdi.

Avvalroq Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov inflyatsiya past bo‘lishi uchun mamlakat ichida raqobatni kuchaytirish va savdo cheklovlarini kamaytirish zarurligini ta‘kidlagandi.