Avvalroq prezident orfan kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordamni yaxshilash, farmatsevtika sohasidagi islohotlarning ijrosi hamda yangi loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbariga farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, Tashkent Pharma Park farmatsevtika klasteri sanoat hududida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ishlar taqdimot qilindi.

Tarmoq korxonalari tomonidan qiymati 5 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi, $172 mlnlik mahsulotlar eksport qilindi hamda $286 mln investitsiya, shundan $257 mln xorijiy sarmoyalar o‘zlashtirildi.

35 ta mahalliy korxona tomonidan 205 turdagi dori vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, ular eksport qilinayotgan davlatlarning soni esa 55 taga yetdi. Shu yilning o‘zida qiymati $29 mlnlik 16 ta loyiha ishga tushirildi hamda 830 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Sifat va xavfsizlikni ta‘minlash maqsadida dori vositalarini ishlab chiqaruvchi 61 ta korxonada GMP, 486 ta distribyutorlar omborida GDP hamda 9450 ta dorixonada GPP standarti joriy qilindi.

Taqdimot davomida import qilinayotgan dorilarning referent narxlarini shakllantirishda turli manipulyatsiyalarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar va takliflar bo‘yicha axborot berildi.

Hozirda 7,6 mingta import dori vositasidan 4,9 mingtasi referent mamlakatlarning narx reyestrida mavjud emas. Taklif etilayotgan chora-tadbirlarga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan 2,6 ming turdagi retseptli dorilarning narxi o‘rtacha 40−50% ga tushishi kutilmoqda.

Taqdimot davomida farmatsevtika mahsulotlarining davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari haqida ham axborot berildi.

Shifoxonalarda sifatsiz mahsulotlar xaridi va korrupsion omillarni bartaraf qilish maqsadida endilikda barcha davlat xaridlari farma.xarid.uz maxsus elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

Mazkur elektron tizim ishga tushurilganidan so‘ng davlat xaridlarida faqat ishlab chiqarish, yetkazib berish va mahsulot xavfsizligi bo‘yicha barcha zarur sertifikatlarga (GMP, ISO:13485 GDP) ega ishtirokchilar qatnasha oladi.

Davlat xaridlari hajmlari hamda tegishli sertifikatlarga ega ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar reyestrlari jamoatchilik uchun ochiq bo‘ladi. Davlat xaridlari jarayonida mahsulotlarning narxi belgilangan referent narxlaridan yuqori bo‘lmasligini ushbu tizimda avtomatik tarzda tekshiriladi.

Davlat rahbari 2026-yil 1-yanvarga qadar ushbu tizim doirasida davlat tibbiyot muassasalarida dori vositalari va tibbiy jihozlar ehtiyojlarini shakllantirish hamda qoldiqlarni samarali boshqarish bo‘yicha maxsus platformani ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Joriy yilning 1-aprelidan retseptsiz beriladigan dorilarga nisbatan cheklangan ustama narxi bekor qilinishi belgilangandi.

Avvalroq senator dorixonalardan olinayotgan majburiy yig‘imlar bo‘yicha Farmatsevtika agentligiga so‘rov yuborgandi.