O‘zbekistonning qariyb 150 ming fuqarosi ixtiyoriy ravishda kredit berishni taqiqlagan. Bu haqda Kredit-axborot tahlil markazi (KATM) kredit byurosi o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

1-oktabr holatiga 149 465 nafar jismoniy shaxs kredit berishda o‘zini o‘zi taqiqlash bo‘yicha bepul “Kreditga taqiq” xizmatga ulandi.

Gender kesimida xizmatdan foydalanuvchilar orasida erkaklar yaqqol ustunlik qiladi — 101,4 mingdan ortiq, ayollar esa 47,9 ming kishini tashkil etadi.

Kredit olish uchun o‘z-o‘zini taqiqlashdan 26−35 yoshdagi fuqarolar eng faol foydalanadi — ular barcha foydalanuvchilarning uchdan bir qismini tashkil qiladi. Keyingi o‘rinlarda 36−45 yoshlilar (25,6%) va 26 yoshgacha bo‘lganlar (19,2%) turadi.

Iyun oyida kredit olishni o‘ziga o‘zi taqiqlash xizmati ishga tushirilganda, undan 33,1 mingdan ortiq kishi foydalangan. Keyin oylik o‘sish sur’atlari oshdi: iyulda — 37,6 ming, avgustda — 37,8 ming, sentyabrda — 40,8 ming. KATM oktabr oyi uchun ma’lumotlarni hali e’lon qilmadi.

kredit, taqiq

Kredit olishni taqiqlash tizimi

Joriy yilning 6-iyunidan boshlab O‘zbekistonda o‘z-o‘ziga kredit berishni taqiqlash xizmati ishga tushdi. Undan Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi saytidan bepul foydalanish mumkin.

Xizmat yordamida shaxs kredit byurosiga ariza berishi va unga kredit yoki qarz berishni taqiqlashi mumkin. Ikki oydan kamroq vaqt ichida qariyb 73 ming kishi o‘z ixtiyori bilan kredit olishni taqiqlagan.

Spot fuqarolar o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishiga onlayn taqiq qo‘yish bo‘yicha xizmat nima uchun kerakligi, shuningdek, xizmatdan qanday foydalanish mumkinligi haqidagi qo‘llanmani taqdim etgandi.

Bundan tashqari, hozirda kredit byurosi orqali kredit tarixi o‘rganilishini cheklab qo‘yish mumkin. Xizmat orqali fuqarolar o‘zlariga tegishli kredit tarixi ma’lumotlarini olinishini taqiqlab qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.

IIV Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019−2024 yillarda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga oshgan. Kiberjinoyatlardan fuqarolarga yetkazilgan umumiy zarar esa 2021−2024 yillarda 1,9 trln so‘mdan oshgan. O‘tgan yili jami 58,8 mingta huquqbuzarlik sodir etilgan. Shundan 4%i o‘zganing nomiga onlayn kredit rasmiylashtirishga to‘g‘ri kelgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning to‘qqiz oyida fuqarolar nomiga onlayn kreditlarni firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirish bilan bog‘liq 463 ta holat qayd etilgan. Ushbu jinoyatlardan yetkazilgan umumiy zarar qariyb 15 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Avvalroq Yagona portal orqali o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishni taqiqlash imkoni yaratilgani haqida xabar berilgandi.