Avvalroq prezident orfan kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordamni yaxshilash, farmatsevtika sohasidagi islohotlarning ijrosi hamda yangi loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident dori-darmonlarning referent narxlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, import qilinayotgan dori vositalarining 65%i referent mamlakatlarning narx reestrlariga kiritilmagan, shu sababli narxlarni sun’iy ravishda oshirish holatlari mavjud.
“Davlat rahbaridan qisqa muddatda mavjud referent narxlar to‘g‘risidagi nizomni qayta ko‘rib chiqish, takomillashtirish va narxlarni ommabop qiladigan darajaga yetkazish bo‘yicha topshiriq oldik. 2025-yil oxirigacha barcha referent narxlar qayta ko‘rib chiqiladi. Natijada 2,5 mingta dorining o‘rtacha narxi 40−60% ga tushishi kutilmoqda”, — dedi u.
Bundan tashqari, agentlik rahbari farma.xarid.uz maxsus elektron platformasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Platforma dori-darmonlarni davlat tomonidan xarid qilishda korrupsion mexanizmlar saqlanib qolayotgan mavjud to‘rtta maydoncha o‘rnini egallaydi. Shuningdek, yangi platformada yagona ID joriy etish ko‘zda tutilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tizim ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlarda zarur sertifikatlar, jumladan GMP va GDP sertifikatlari mavjudligini tekshirish hamda referent narxlar ustidan nazoratni avtomatik ravishda tekshirish imkonini beradi. Farmatsevtika mahsulotlari savdosida faqat yagona unikal PharmID orqali ishtirok etish mumkin bo‘ladi.
Abdulla Azizov O‘zbekistonning farmatsevtika ishlab chiqarishini tartibga solish va inspeksiya qilish sohasidagi xalqaro tashkilot — PIC/S'ga kirishini tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berilganini ta’kidladi. Noyabr oyida a’zolik uchun ariza topshiriladi va butun jarayon tekshiruvlardan o‘tgandan so‘ng taxminan bir yil davom etadi. Bu eksport imkoniyatlarini oshirishga yordam beradi, deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq O‘zbekistonda referent narxlarni tartibga solish orqali 2,6 ming turdagi dorilar 50% gacha arzonlashishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi.
