Toshkent shahrining Chilonzor tumanida noqonuniy qurilgan mehmonxona buzib tashlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hokimlikning qayd etishicha, Chilonzor tumanining Gavhar ko‘chasida joylashgan Adras mehmonxonasining binosi tegishli tashkilotlar xulosasi bilan noqonuniy qurilma deb topilgan.

Mehmonxona shaharsozlik me’yorlariga mos tushmagani uchun Toshkent shahar hokimligi va tuman hokimligining tegishli mas’ullari tomonidan buzdirilmoqda.

“Shu o‘rinda, tumandoshlarimiz va yurtdoshlarimizdan tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qurmoqchi bo‘lgan qurilmalarni qonun doirasida, tegishli ruxsatnomalar olingandan keyin qurishni boshlashlarini tavsiya qilib qolamiz”, deyiladi xabarda.

Avvalroq Buxoroda qiymati $15 mlnlik Ramada Encore by Wyndham mehmonxonasi ochilgani haqida xabar berilgandi. Mehmonxona uch yulduzli bo‘lib, unda konferensiya zali, basseyn, sport sog‘lomlashtirish va restoranlar faoliyat ko‘rsatadi.