oo‘Buxoro shahrida Ramada Encore by Wyndham mehmonxonasi ochildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu mehmonxona G‘ijduvon ko‘chasida ish boshladi. Unda 112 ta xona mavjud bo‘lib, 224 ta o‘rin uchun mo‘ljallangan. 8 qavatli loyiha qiymati $15 mlnni tashkil etadi.

Qurilish ishlari International Hotel Service kompaniyasi tomonidan olib borilgan. Uch yulduzli darajadagi bu joyda mehmonxona xizmati bilan birga, konferensiya zali, basseyn, sport sog‘lomlashtirish va restoranlar kabi qo‘shimcha obyektlar faoliyat ko‘rsatadi.

Mehmonxona ochilishi bilan 100 nafarga yoshlar ishli bo‘ldi. Loyihada ilg‘or menejment boshqaruvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dunyoning TOP-50 reytingiga kiruvchi Ramada Encore by franshizasi shartnomasi imzolangan.

Mazkur mehmonxona qurilishi 2021-yili boshlangandi. Unda 112 ta xona, eng yuqori qavatda joylashgan Sky Lounge, sog’lomlashtirish klubi, konferens-zal, biznes markazi hamda lobbi launj bo’lishi aytilgandi. 2022-yil oxirida Buxoroda Wyndham Bukhara mehmonxonasi ochildi.

Buxoroda 17 310 o‘ringa mo‘ljallangan katta-kichik hajmda jami 675 ta mehmonxona mavjud. 2025-yilning o‘tgan davrida viloyatga 6,3 mln nafar sayyoh kelgan bo‘lib, shundan 2,2 mln nafari xorijiy turist hisoblanadi. Ulardan viloyat iqtisodiyotiga tushum $614,1 mln tashkil etdi.

Avvalroq Spot Toshkentda qiymati $200 mlnlik Ritz-Carlton mehmonxonasi va turar-joy majmuasi qurilayotgani haqida yozgandi.ochildi