Buxoro shahrida “Wyndham Hotels & Resorts” xalqaro tarmog’iga tegishli yangi mehmonxona ochiladi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuor xizmati xabar beradi.

15-iyun kuni dunyodagi eng yirik franchayzing kompaniyasi “Wyndham Hotels&Resorts” xalqaro mehmonxonalar tarmog’iga tegishli yana bir mehmonxona — “Ramada Encore by Wyndham Bukhara” ochilishiga bag’ishlangan matbuot-anjumani bo’lib o’tdi.

Tadbirda turizm va sport vazirining o’rinbosari A.U.Akkulov, Buxoro viloyati hokimi o’rinbosari B.Shaxriyorov, O’zbekiston Mehmonxonalar uyushmasi raisi F.Abdullaeva, shuningdek, Rossiya va MDHda “Wyndham Hotels&Resorts” biznesini rivojlantirish direktori S.Yegorov hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

“International Hotel Services” MChJ hamda “Leo Hospitality Solutions” tomonidan amalga oshiriladigan qo’shma loyiha O’zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga yo’naltirilgan.

“Ramada Encore by Wyndham Bukhara” mehmonxonasi barcha qulayliklarga ega 112 xona, eng yuqori qavatda joylashgan “Sky Lounge”, sog’lomlashtirish klubi, konferens-zal, biznes markazi hamda lobbi launjga ega bo’ladi.

Tadbir yakuniga ko’ra, Buxoro shahrida “Wyndham Hotels&Resorts” xalqaro mehmonxonalar tarmog’iga tegishli “Ramada Encore by Wyndham Bukhara” mehmonxonasini ochish to’g’risidagi kelishuv imzolandi.