Yagona portalda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlarga vaucher berish imkoni yaratildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslar “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida belgilangan ijtimoiy xizmatlardan foydalanish uchun vaucherni portal (my.gov.uz) orqali olishlari mumkin.

Buning uchun talabgor yoki ishonchli shaxs portalda “Ijtimoiy himoya” bo‘limiga o‘tadi. Tegishli xizmatni tanlaydi va foydalanish tugmasini bosadi. So‘rovnomaga doimiy yashash hududi, tumani, mahallasi hamda yuqumli kasalliklarning mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma‘lumotnomasini kiritadi. Shundan so‘ng to‘ldirilgan ma‘lumotlar tekshirib, “yuborish” tugmasini bosadi.

Talabgorga 8 ish kuni ichida ijtimoiy xizmat narxini to‘liq yoki qisman qoplab berishni nazarda tutuvchi vaucher shakllantiriladi. Bu haqida uning mobil telefon raqamiga SMS-xabar hamda portaldagi kabinetiga xabarnoma yuboriladi.

Vaucher asosida quyidagi 5 turdagi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish mumkin:

  • uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish xizmati;
  • uy sharoitida qarab turish xizmati;
  • tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati;
  • kunduzi qatnov asosida qarab turish xizmati;
  • shaxsiy yordamchi xizmati.

Talabgor vaucher berilganligi to‘g‘risidagi xabarni olgach 10 ish kuni ichida ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchini tanlaydi.

Joriy yilning may oyida O‘zbekistonda o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar uchun kichik oilaviy uylar tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. 1-iyundan fuqarolarga ayrim ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlari vaucher asosida qoplab berish boshlandi.

Spot, avvalroq, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga beriladigan 41,2 mln so‘mgacha xayriya mablag‘lari soliqdan ozod etilishi haqida yozgandi.