Moliyaviy piramidani targ‘ib qilgan ichki ishlar organlari xodimlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlandi. Bu haqda IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov xabar berdi.
XCM platformasi orqali mamlakat hududida pul yoki boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat amalga oshirilganligi yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, bu orqali jismoniy va yuridik shaxslarga zarar yetkazilganligi holati ham o‘rganilmoqda.
Bundan tashqari, Shohruh G‘iyosov IIO xodimlarining ushbu platformani targ‘ib qilishdagi ishtiroki bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlanganini qayd etdi.
O‘zi nima gap?
Kun.uz 5-noyabr kuni O‘zbekistonda X Connection Media moliyaviy piramidasi ommalashib borayotgani haqida xabar bergandi.
XCM — videolarga like bosish va izoh yozishga asoslangan. Kunlik vazifa sifatida videoroliklarga layk bosiladi. Buning uchun kompaniya unga aʼzo bo‘lgan fuqaroning plastik kartasiga depozitga qo‘ygan mablag‘idan kelib chiqib, Binancekriptobirjasi orqali har oyda 10% o‘tkazib beradi.
Unga qo‘shilish uchun “ishga olinish” kerak. Ishga qabul qilinuvchilar 18−60 yosh orasida bo‘lishi, muloqot qobiliyati muhimligi, vaqtni boshqara olishi zarurligi belgilangan. XCM‘ga qo‘shilish uchun depozit qo‘yish, yaʼni pul to‘lash majburiyati bor.
Kun.uz xabariga ko‘ra, moliyaviy piramidaga har kuni qariyb 3 ming nafar fuqaro aʼzo bo‘lmoqda. Ular XCM‘ga qo‘shilish uchun kamida 460 dollar to‘lamoqda. Ushbu moliyaviy piramida aʼzolari orasida 200 nafarga yaqin huquq-tartibot organlari xodimlari bor.
Prezident qarori bilan O‘zbekistonda kiberjinoyat uchun jazo choralari kuchaytirilgandi. Unda Markaziy bank tomonidan aholi pullarini jalb qilishga qaratilgan firibgarlik sxemalari (“moliyaviy piramida”) alomatlarini aniqlash hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tezkor xabar berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Spot, avvalroq, shaxsga doir ma‘lumotlar bilan ishlashda kiberxavfsizlik talablari joriy etilishi haqida yozgandi.
