1-noyabrdan Energiya samaradorligini oshirish platformasi orqali “yashil” qurilmalar xaridi uchun subsidiya olish imkoni yaratildi. Bu haqda Energiya samaradorligi milliy agentligi xabar berdi.

Agentlik ma‘lumotiga ko‘ra, platforma orqali 131 ta so‘rov kelib tushgan, 116 ta xonadon energiya auditidan o‘tkazilgan, 14 tasi esa quyosh panellari va geliokollektorlar o‘rnatish uchun 159,6 mln so‘mlik subsidiya olgan.

Shuningdek, “yashil ta‘mir” va “yashil iste‘mol krediti” dasturlari doirasida foiz stavkasi 19% dan oshgan qismi (4% gacha) Energiya samaradorligini rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Hukumatning 24-oktabrdagi 673-son qaroriga muvofiq, uy-joylarni energiya auditidan o‘tkazish xarajatlari to‘liq, quyosh panellari, geliokollektorlar va maishiy isitish qozonlari uchun xarajatlarning 20% qismi, issiqlik nasoslarini xarid va o‘rnatish xarajatlarining esa 40% qismi davlat tomonidan qoplanadi.

Joriy yilning fevralida aholiga quyosh paneli va geliokollektor o‘rnatishga arzon kreditlar berilishi aytilgandi. 27-mart kuni qabul qilingan prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Energiya samaradorligi milliy agentligi tashkil etilishi hamda aholiga “yashil” energiya xarajatlari qoplab berilsihi belgilangandi.

Yil boshidan aholidan $12,8 mlnlik elektr energiyasi sotib oligani haqida xabar berilgandi.


Avvalroq Spot quyosh panellarini qanday o‘rnatish va davlatga elektr energiyasini sotish mumkinligi bo‘yicha Abdurahmon Yo‘ldoshev bilan suhbatlashgandi.