Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni Uzum Nasiya bo‘lib to‘lash xizmati nomidan qilinayotgan soxta qo‘ng‘iroqlar bo‘layotganidan ogohlantirdi.

So‘nggi paytlarda nazorat organi isteʼmolchilardan ko‘plab murojaatlar olmoqda. Ularga nomaʼlum shaxslar qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini Uzum xodimlari sifatida tanishtirmoqda va suhbatdoshlari go‘yo aksiya doirasida maishiy texnika yutib olganini aytishmoqda.

Shundan so‘ng, nomaʼlum shaxs “identifikatsiyadan o‘tish” bahonasida abonentdan uning raqamiga kelgan SMS kodni so‘raydi. Natijada, isteʼmolchi nomiga tovarni bo‘lib to‘lash shartnomasi rasmiylashtiriladi, ammo u tovarning o‘zini olmaydi.

Muammoni hal qilish uchun qo‘mita Uzum Market kompaniyasi va Shaffof-Moliya mikromolyaviy tashkilotiga so‘rovnomalar yubordi. U kompaniyalarni kamchiliklarni bartaraf etishga va keyinchalik ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Shuningdek, nazorat organi Markaziy bankka firibgarlik yo‘li bilan masofaviy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilishining oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rish talabi bilan murojaat qildi. Axborot xavfsizligi talablariga rioya qilishni taʼminlash topshirildi.

Fuqarolar shubhali qo‘ng‘iroqlarga ishonmaslik va begonalarga shaxsiy maʼlumotlari yoki SMS-kodlarini bermaslikka chaqirildi. Bundan tashqari, qo‘mita nomaʼlum platformalardan ro‘yxatdan o‘tishdan oldin ularning ishonchliligini tekshirib ko‘rishni tavsiya etdi.

Uzum Nasiya izohi

Uzum Nasiya holat yuzasidan Spot’ga izoh berib, davlat organlari va hamkorlar bilan birgalikda mijozlarni himoya qilish uchun zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Kompaniya ma’lumotlar va vositalarning xavfsizligi ko‘pincha foydalanuvchilarning o‘ziga bog‘liqligini qayd etib, Uzum Nasiya xodimlari telefon orqali “identifikatsiya qilish” uchun SMS-kodlar, shaxsiy yoki boshqa ma’lumotlarni so‘ramasligini eslatdi.

Mijozlar bilan barcha aloqalar rasmiy kanallar — mobil ilova, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar va +998 (71) 777−15−15 raqamli aloqa markazi orqali amalga oshiriladi.

“Biz nafaqat foydalanuvchilarimizni, balki barcha bank mijozlarini, shuningdek, boshqa raqamli xizmatlarni ogoh bo‘lishga va SMS-kodlar yoki shaxsiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga bermaslikka chaqiramiz. Agar sizga qo‘ng‘iroq qilib, bank xabarlaridagi kodlarni yoki shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etishni so‘rashsa, darhol suhbatni to‘xtating va bank yoki boshqa xizmatning aloqa markaziga murojaat qiling”, deyiladi Uzum Nasiya izohida.

Kompaniya shaffoflik, mas’uliyat va ishonch tamoyillariga amal qilishi, mijozlar xavfsizligi va himoyasi ustuvor vazifa ekanligi ta’kidlandi.

Spot, avvalroq, onlayn mikroqarz ajratishda firibgarlar ta‘sirini cheklovchi himoya tizimlari yaratilishi haqida yozgandi.