O‘zbekiston AQSh kompaniyasi bilan logistika autsorsingi va raqamli kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilishi mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan Kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibragimov Wersirius Holding hammuassisi Danilo Toshich bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar logistika autsorsingi, raqamli transformatsiya va kadrlar salohiyatini rivojlantirish sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
O‘zbekistonda zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish, yosh mutaxassislar uchun ish o‘rinlarini yaratish masalalariga e‘tibor qaratildi.
IT Park rezidentlik dasturi doirasida Wersirius operatsion markazini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Markaz xalqaro logistika yo‘nalishlari uchun dispetcherlik, yuklarni kuzatish, xodimlarni tanlash, xavfsizlik va boshqa funksiyalarni taqdim etishi rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, kompaniya logistika, dispetcherlik, rekruting va savdo bo‘yicha o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yib, yoshlar uchun xalqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantiradi.
Wersirius faoliyatini dastlabki 50 ta ish o‘rnidan 200 tagacha kengaytirishni rejalashtirgan. Texnik qo‘llab-quvvatlash va dasturiy ta‘minotni ishlab chiqish yo‘nalishlarini rivojlantiradi. Tomonlar logistika va raqamli xizmatlar sohalarida O‘zbekiston, Serbiya va AQSh hamkorligini muhimligini qayd etdi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekistonda Wersirius mintaqaviy operatsion markazini tashkil etish, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va logistika hamda raqamli xizmatlar yo‘nalishlarida bandlik imkoniyatlari kengaytirilishi belgilab olindi.
Wersirius vakillari mamlakat yetakchi nearshore bozorlarga teng keladigan sifatli kadrlar salohiyatiga ega ekanligini ta‘kidladi.
Wersirius Holding — BPO va logistika autsorsingi sohasidagi xalqaro kompaniya bo‘lib, yillik aylanmasi $200 mlnni tashkil etadi. Kompaniyada 500 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi va to‘rtta mamlakatda ofislarga ega. 2019-yilda tashkil etilgan kompaniya AQSh va Yevropa bozorlaridagi yuk tashuvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, transport-logistika sanoati uchun operatsion va raqamli xizmatlarni taqdim etadi.
Kompaniyaning xizmatlar portfeli dispetcherlik, xavfsizlik, texnik xizmat ko‘rsatish, ELD-tizimlarini boshqarish, brokerlik, buxgalteriya va muvofiqlik (compliance) yechimlarini o‘z ichiga oladi.
Hozirda Wersirius AQSh, Serbiya, Shimoliy Makedoniya va Moldovada faoliyat yuritadi hamda O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Spot, avvalroq, Belgiya kompaniyasi O‘zbekistonda logistika markazlari barpo etishga qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi.
