Oxirgi bir necha yil ichida babl-ti O‘zbekiston yoshlari orasida eng ommabop ichimliklardan biriga aylandi. Babl-ti (bubble tea), bu — 1980-yillarda Tayvanda o‘ylab topilgan ichimlik. Uni boba (boba) yoki “tapioki sharchalari qo‘shilgan choy” deb ham atashadi.

Bugungi kunda Toshkentda babl-tini deyarli har qadamda uchratish mumkin: Seoul Mun majmuasining o‘zidagina ko‘cha kioskalaridan tortib, 20 dan ortiq hashamatli kafelargacha ishlamoqda. 2GIS ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda shu ichimlikni tayyorlovchi jami 90 dan ortiq muassasalar mavjud.

Bu madaniyat Toshkentda qay tarzda shakllangani, ish boshida ular qanday qiyinchiliklarga duch kelishgani va bundan buyon trend qanday rivojlanishini bilish maqsadida Spot babl-ti nuqtalari asoschilari bilan suhbatlashdi.


L tea

Asos solingan sana: 2022
Filiallari soni: 2 ta
Spot uchun sharhlaydi: Aleksandr Kim, L teaning boshqaruvchi sherigi

babl-ti, ichimliklar, trendlar

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Babl-ti jahon madaniyati 2000-yillar boshidan tarqala boshladi: xitoylik muhojirlar uni Shimoliy Amerikaga olib kelishdi, keyin trend Janubiy-Sharqiy Osiyoga yetib bordi. 2022-yilda biz bu ichimlik hali bo‘lmagan Toshkentda dastlabki do‘konni ochdik va bu madaniyatni O‘zbekistonga olib kelgan birinchilar bo‘ldik. Babl-tida biznes ochish g‘oyasi xitoylik sherigimiz fikriga kelgan.

Aynan O‘zbekistonni tanlashga birdaniga bir nechta omillar ta’sir qilgan. Birinchidan, bu “zangori okean” konsepsiyasi, ya’ni nisbatan kam sarflar bilan — bozorning ancha ulushini egallab olish mumkin bo‘lgan, raqobatchilarsiz zaminga chiqib olish edi.

Ikkinchidan, o‘sha paytda mamlakatda bunga o‘xshash takliflar yo‘q edi, bu esa birinchi bo‘lish va ichimliklar sanoatiga yangi trend olib kirish ustunligini berdi. Ikki yilcha biz bozordagi deyarli yagona ishtirokchilar bo‘ldik.

G‘oya paytidan to loyihani ishga tushirishgacha taxminan yarim yil o‘tdi. Eng boshida odamlar hayrat bilan, lekin umuman olganda ijobiy munosabat bildirishdi, bu trend tez rivojlanishiga imkon berdi.

Ichimlikni yaratish faqat texnik tomondagina emas, balki auditoriyaning ta’m bo‘yicha ma’qul ko‘rishi jihatidan oson bo‘lmadi. Boshqa mamlakatlarda ommabop bo‘lgan ba’zi ta’mlar mahalliy iste’molchilarga ma’qul kelmadi. Masalan, taro, achchiq xantal, lichi yoki shirin bob — bularning hammasi Tayvan, Koreya va Xitoyda muqim talabga ega, ammo O‘zbekistonda hozircha o‘ta g‘ayriodatiy qabul qilinmoqda.

Sababi bizda boshqa ta’m odatlari mavjudligida bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Odamlar ko‘pincha yengil, shirin yoki meva — mango, qulupnay, shaftoli, marakuyya ta’mli ichimliklarni tanlashadi. Mahalliy iste’molchi ta’m “birinchi qultumdanoq ko‘nikish"ni talab qiladigan emas, balki tushunarli, yumshoq va muvozanatli bo‘lishini ma’qul ko‘radi.

Hamma sharchalar va qiyomlar Xitoy va Tayvandan sotib olinadi, bu — noyob import tarkibiy qismlar bo‘lib, shaharda boshqa hech kim ularni ishlatmaydi, bu esa bizning ustunligimiz bo‘ldi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Bu vaqt davomida Toshkentda babl-ti madaniyati kuchli o‘zgardi. Agar oldin ichimlikni tayyor taomnomadan tanlashgan va uni standart bo‘yicha olishgan bo‘lsa, hozir esa ichimlik uchun asosni mijozning o‘zi tanlab olishi mumkin — masalan, qora choy yoki yasminli choy, shuningdek, sharchalar, qiyomlar yoki topinglar kabi qo‘shimcha tarkibiy qismlarni qo‘shishi mumkin. Buning ustiga, shirinlik darajasini boshqarish va o‘z didiga ko‘ra ichimlik yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Ta’m bo‘yicha afzal ko‘rishlar ham o‘zgardi: ikki yil oldin odamlar shirin ichimliklarni afzal ko‘rishardi, hozir esa asta-sekin tabiiy yoki shakarning muqobili bo‘lgan tarkibiy qismlarga o‘tishmoqda. Bozor ulg‘ayib boryapti, mehmonlar tajribalarga ko‘proq ochiq bo‘lishyapti, lekin ekzotik va murakkab ta’mlar odatiyga aylanishi uchun vaqt talab qiladi.

Babl-ti bozori, umuman olganda, individuallashtirish tomon harakatlanmoqda: kelajakda har bir odam o‘zining didi va ma’qul ko‘rishlariga to‘liq mos tushadigan noyob ichimlik yarata oladi. Bu ichimlik madaniyatini ko‘proq moslashuvchan va mijozlarning shaxsiy talablariga mo‘ljallangan qiladi.

Birinchi filial bizga taxminan $50 mingga tushdi, o‘sib borayotgan raqobat va bozorda yangi ishtirokchilar paydo bo‘lishi sababli, keyinroq bu summa ortib ketdi. Biz bozorda yagona bo‘lganimiz uchun nuqta o‘zini tez qopladi va bu holat jarayonni yengillashtirdi.

Ikkinchi filial qimmatroqqa tushdi: binoning o‘zi taxminan $70 mingga aylandi, uskunalar, xomashyo sotib olish va boshqa xarajatlarga taxminan $25−30 ming ketdi. Ko‘p mablag‘ kiritilgani uchun, hozircha yangi filial o‘zini to‘liq qoplagani yo‘q, ammo reja bo‘yicha rivojlanayapti va yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda.

Avvval Samarqand Darvoza savdo markazida nuqtamiz bor edi, lekin bir qator sabablarga ko‘ra u yopilib ketdi. Birinchidan, savdo markazidagi ta’mirlash cho‘zilib ketdi va bizning filialimizga kirish joyi qisman to‘sib qo‘yildi, bu esa mijozlar uchun kelib-ketishni qiyinlashtirdi. Ikkinchidan, savdo markazidagi faollikning umumiy pasayishi nafaqat bizga, balki boshqa korxonalarga ham taalluqli bo‘ldi, ularni savdo maydonini tark etishga majbur qildi. Shundan so‘ng biz yangi — ochiq, keluvchilar uchun qulay bo‘lgan Magic City, Seoul Mun va shu kabi savdo markazlariga diqqatimizni jamladik.

Kun davomida mehmonlarning asosiy qismini yoshlar va talabalar tashkil qiladi — ular dars soatlaridan oldin yoki mashg‘ulotlardan keyin, ko‘pincha do‘stlari bilan birga jamoa uchun kelishadi. Kechqurunga borib, oqim bir oz o‘zgaradi: ish kunidan keyin xotirjamroq bo‘lish uchun ko‘proq ofis xodimlari kirishadi. Dam olish kunlari esa muhit ancha oilaviy bo‘ladi — ota-onalar babl-ti dam olish kuni marosimiga aylanib ulgurgan bolalarni boshlab kelishadi.

Yetkazib berish sohasida alohida trend shakllangan. Uzum va Yandex kabi platformalar orqali buyurtmalar ulushi 40%gacha yetib bo‘ldi — ayniqsa, yilning sovuq davrida, odamlarga uyda yoki ishxonada ichimlikdan rohatlanish yoqimliroq bo‘lganda. Ofis xodimlari uchun bu haqiqiy xaloskorlik bo‘ldi: bir-ikki chaqiriq bilan babl-ti buyurtma qilish va uni deyarli bir necha daqiqa ichida qo‘lga olish mumkin.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Babl-ti nuqtalari sonining keskin ko‘payishi taxminan o‘tgan yildan boshlandi. Bozorga turli ko‘rinish va narx segmentlariga ega ko‘plab yangi ishtirokchilar kirib keldi. Hozir bozor faol o‘sishni boshdan kechirmoqda va muntazam ravishda barqarorlashish bosqichiga o‘tayapti. Bu tabiiy jarayon: avaliga — qiziqish avjiga chiqadi va tez o‘sish bo‘ladi, keyin — tanlab olish, buning natijasida mahsuloti kuchli va shakllangan tizimi bo‘lganlar qoladi.

Hozir bozorda asta-sekin ba’zi ishtirokchilarning chiqib ketishi ham kuzatilyapti. Bu yuqori raqobat, bir turdagi konsepsiyalar va mijozlarni jalb qilishi mumkin bo‘lgan “jilva” yo‘qligi bilan bog‘liq. Hozirgi sharoitlarda moyil mijozlar bazasini yig‘ish qiyinlashib boryapti, ayniqsa, ijara stavkalari yuqori bo‘lgan va sotib olish layoqati pasayib borayotganda. Bundan tashqari, bozorning to‘lib-toshishi va aholi iste’mol kreditlarining o‘sishi ham vaziyatga ta’sir qiladi.

Shunga qaramay, biz bozorda o‘zimizni qulay his qilayapmiz. Konsepsiyalarning xilma-xilligi mintaqada Osiyo ichimliklari madaniyatini kengaytirish va ilgari surishga faqat yordam beradi. Bizning o‘ziga xosligimiz sifatga va mijozlarga alohida munosabatda bo‘lishimizdadir: agar ichimlik yoqmasa, toki mehmonning ko‘ngli to‘lmagunicha, biz uni qayta tayyorlayveramiz.

Biz uchun muvaffaqiyatning asosiy ko‘rsatkichi, bu — tabassum bilan ketadigan, ichimlikning ta’midan rohatlanadigan va yana qaytib keladigan mijozdir. Biz, ayniqsa, katta navbatlar yig‘ilib qoladigan va har doim ham har bir mijozga e’tibor qaratishning iloji bo‘lmay qoladigan tig‘iz vaqtda tashvishga tushib qolamiz. Hammaga tez xizmat ko‘rsatishga harakat qilamiz. Lekin har doim mijozlarning ko‘ngli to‘lishi haqida o‘ylaymiz.

Tarmoqni kengaytirishni rejalashtirayapmiz, ammo joriy yilda emas, chunki hozir bozor to‘lib-toshish bosqichida. Hozircha biz yangi filiallar ochishdan ma’no ko‘rmayapmiz, biroq bunday rejalar dolzarbligicha qoladi va yaqin yil ichida amalga oshishi mumkin.

Menimcha, O‘zbekistonda babl-ti trendi shunchaki moda bosqichidan to‘laqonli bozor shakllanish bosqichiga o‘tib bo‘ldi. Ha, har qanday trend kabi u o‘zgarishi mumkin, ammo ichimliklar madaniyatining o‘zi rivojlanib borayapti va talabgir bo‘lib qolmoqa.

Bu yo‘nalishning uzoq muddatligi brendlarning sifati va yondashuviga bog‘liq: agar daraja saqlab qolinsa, ta’mlar yangilanib borilsa, dasturxonga tortish va muhit kuzatib borilsa, u holda segment xuddi kofe bozori kabi barqaror va muqim bo‘lishi mumkin.

Babl-ti o‘z o‘rnini egallaydi — shunchaki hamma emas, haqiqatan ham tizim va sifatni yo‘lga qo‘ya olganlar qoladigan yetukroq shaklda.


Ocha

Tashkil topgan sana: 2023

Filiallar soni: 1 ta

Spot uchun sharhlaydi: Maksim Volkov, rossiyalik restorator, Leevolk Partners, Foodmall Tashkent, Ocha hammuassisi

babl-ti, ichimliklar, trendlar

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Foodmall’ni (turli oshxona va konsepsiyalarga ega ko‘p kichik nuqtalar to‘plangan gastronomik hudud) ochganimizdayoq dunyoda babl-tiga nisbatan haqiqiy shov-shuv boshlanishini tushunib yetgandik. Biznesimizda eng asosiysi — ko‘pni ko‘rganlik. Men tez-tez sayohat qilaman, ayniqsa, Osiyoni yaxshi ko‘raman. Tailand va Vetnamda ko‘p bo‘lganman, u yerda bu ichimlik ayni ommaviylik cho‘qqisida.

Keyinroq bu to‘lqin Rossiyaga ham yetib bordi, Biz o‘zimizning babl-ti loyihamizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentda, Foodmall’da ishga tushirishga qaror qildik. Foodmall’dagi aksariyat kornerlar , jumladan Ocha, jamoamiz tomonidan yo‘q joydan ishlab chiqildi va amalga oshirildi.

Nomni o‘ylab topganimiz tasodifan emas: yaponchadan tarjima qilganda “ocha” choyni anglatadi. Esda qoladigan biroz syurrealistik qiyofa yaratishni istagandik, shu tariqa suzgichlarida tapioka timsoli bo‘lgan sharchalarni ushlab turgan bizning firma kitimiz paydo bo‘ldi. Brendning dengiz, yangilik va yengillik tasavvurini uyg‘otuvchi rang konsepsiyasi — oq va ko‘k ham shunday paydo bo‘ldi.

Reseptlarni ishlab chiqish uchun Sankt-Peterburgdan professional bartenderni taklif qildik. Aynan u Ocha uchun ta’mlar qatorini yaratdi va shundan so‘ng loyiha rasman ish boshladi.

Natijada biz 60 ga yaqin mahsulotni tatib ko‘rdik. Avvaliga turli odamlardan iborat fokus-guruh to‘pladik. Anonim tarzda izohlar qoldirishi uchun ularning har biriga ichimlik nomi bo‘lgan varaq va ruchka berdik: yoqdimi, o‘ta shirin, ichish noqulay yoki yana nimadir. Odatda guruhda 15−30 kishi bo‘ladi. Hamma taqrizlar yig‘iladi va tahlil qilinadi, ta’mlar reytingi shakllanadi. Eng yaxshilariga yakuniy ishlov beriladi va yana testdan o‘tkaziladi. Tannarxi baholangandan so‘ng, 50 tadan 10−15 tasi qoladi.

Sharchalarni o‘zimiz tayyorlaymiz, chunki sotib olinganlarining birortasi ham sifati bo‘yicha to‘g‘ri kelmadi. Men maxsus apparat sotib oldim va manioki unini olib kelayapman, undan qo‘lda sharchalar yasayapmiz. Ular butunlay tabiiy — konservantlarsiz va qo‘shimchalarsiz, shuning uchun ta’mi ancha yaxshi chiqadi.

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

G‘oyadan to Ocha’ni ochishgacha taxminan bir necha oy ketdi. Loyiha Foodmall doirasida yaratilgani bois, jarayon uni ishga tushirish bilan yondosh tarzda ro‘y berdi. Bino topganimizdan so‘ng, biz konsepsiyani ishlab chiqa boshladik, bu — 2022-yil mayda edi, 2023-yil avgustga kelib, Foodmall rasman ochilganda, Ocha butunlay tayyor edi. Bu vaqt davomida biz g‘oyani, vizual konsepsiya, firma uslubi va resepturani o‘ylab topishga ulgurdik. Umuman, g‘oyadan amalga oshirishgacha bo‘lgan yo‘l butun Foodmall infrastrukturasini tayyorlash bilan birga bir yildan sal ko‘proq vaqtni oldi, deyish mumkin.

Nega aynan babl-ti? Chunki hamma gazlangan ichimliklardan charchadi. Bu yerda odamlar umuman suv ichishmaydi — buni Toshkentning turli tumanlarida yashaganimda payqadim. Kichkina bola uyiga tandir non va pepsi bilan yuguradi — odatiy manzara. Men bunga qarshi emasman, ammo hamma gazlangan ichimlik ichadi va bu me’yorga aylanib ketgan. Bu yerda hamma tarafda gazlangan ichimliklar, ammo uzoq vaqt ularning muqobili bo‘lmagan.

Agar kengroq nazar tashlansa: kofe hammaga ham xush kelavermaydi — mahalliy mentalitetda bu kundalik ichimlik emas, aksincha qandaydir “begona” ichimlik. Energetiklar — zararli. Choy esa, bu — asos, odat, madaniyatning bir qismi. Shuning uchun, babl-ti ko‘rinishi paydo bo‘lgach, shunchaki bo‘shab yotgan zaminni egalladi.

Bizning ichimligimiz, bu — o‘sha choyning o‘zi, faqat zamonaviy ko‘rinishda: sutli, mevali, kokosli, mango va tapiokoli. Hamma tabiiy, yangilari muz solingan katta stakanda beriladi. Bu qulay, mazali va yilning deyarli to‘qqiz oyi issiq bo‘ladigan Toshkent iqlimi uchun juda soz keladi.

Babl-ti tabiiy muqobil bo‘ldi — u chanqoqni qondiradi, chiroyli ko‘rinadi va hatto muz erigach ham mazaliligicha qoladi. Shuning uchun hozir bu ichimlik bunchalik ommalashgani hayratlanarli emas — u shunchaki davr ehtiyojiga tushib oldi. Agar o‘zini qoplash muddati haqida gapiradigan bo‘lsak, Ocha biznes modeli doirasida loyiha FoodMall’da atigi ikki oyda o‘zini qopladi. Kontekstni inobatga olish muhim: bizda rezidentlar o‘rtasida ichki raqobat yo‘q — har bir loyiha o‘z tofasida noyob. Masalan, burger, Tom-Yam va Ocha faqat o‘z nuqtalarida ishlaydi. Shu tufayli auditoriya bir nuqtada to‘planadi: o‘rtacha o‘tuvchanlik — oyiga 60 ming kishi atrofida.

Raqobat yuqoriroq bo‘lgan boshqa savdo markazlarida va babl-ti kafelari ko‘p bo‘lgan ko‘chalarda bunday sotuvlarga erishish qiyin. FoodMall’dagi Ocha hech kim kutmagan natija berdi — sotuvlar haqiqatan ham “portlab ketdi”.

Misol uchun: o‘sha paytda Toshkentda bitta babl-ti nuqtasi bo‘lib, shahar bo‘ylab uning 10 ta loyihasi bo‘lgan va uning asoschisi o‘zining barcha nuqtalarida bir yilda taxminan 176 ming sotuvlar bo‘lgani haqida gapirgandi. Bizda esa FoodMall doirasida bitta Ocha bir yilda 184−185 mingta belgilangan miqdor (porsiya) sotdi. Bu faqat bitta nuqtadagisi — agar biz buni boshqa joyga ko‘chirsak, savdo ancha kam bo‘lardi.

Pul kiritishlar miqdorini aniq aytish qiyin, lekin Ocha nuqtasini ochish o‘rtacha taxminan $30−40 mingga tushadi. Bu raqam ko‘plab omillardan shakllanadi. Shunga o‘xshash loyiha ochishni istaydigan ko‘pchilik, odatda, faqat tayanch xarajatlar — $3−4 minglik uskuna, $1 ming atrofidagi bino ijarasini hisoblaydi va shu yetarli, deb o‘ylaydi. Aslida ancha ko‘p narsani hisobga olish kerak — ta’mirlash, foydalanishga topshirish, mehnatga haq to‘lash fondi va byudjetni osongina orttirib yuborishi mumkin bo‘lgan boshqa ko‘p detallarni.

Agar qimmatga ishlaydigan mutaxassislarni jalb qilmasdan hammasini o‘zi bajarsa, umuman, $10−15 ming bilan nuqtani ishga tushirish mumkin. Lekin professionallar jalb etilsa, firma dizayni, qadoq va sifatli materiallar buyurtma qilinsa — summa oshib ketadi.

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Toshkentda babl-ti bozorida hozir, mening kuzatuvlarimga qaraganda, 180 ga yaqin loyiha bor, garchi ularning ko‘pchiligi OAVda namoyon qilinmagan va sezilarsiz bo‘lsada. Bunda juda ko‘p hollarda nuqtalar yopilib ketayapti va bu ko‘p tadbirkorlar umumiy ovqatlanishdagi ishning murakkabligiga yetarlicha baho bermasligi bilan bog‘liq.

Tashqaridan hammasi oson ko‘rinadi: uskuna sotib olindi, bino ijaraga olindi, dizayn va bir xil ust-bosh qilindi, ammo aslida biznes xodimlarga kuchli bog‘liq. Noto‘g‘ri qilingan bitta buyurtma mijozning taassurotini buzib qo‘yishi mumkin, shu bois qatordagi xodimlarda tejash mumkin emas.

Ko‘pchilik faqat trendni yoki tez foyda olish imkonini ko‘rib nuqtalar ochishadi, lekin biznesning operasion tomonini tushunmasa, ko‘pincha loyihalar zarar keltiradi. Raqobat yuqori va muvaffaqiyat uchun loyiha eng muhim qadriyatga ega bo‘lishi zarur: brend va mahsulotning noyobligiga.

Ko‘pchilik yomon mahsulot sababli emas, balki aynan tajriba va biznesning xususiyatlarini tushunish yo‘qligi tufayli yopilib ketadi.

Biz hozircha yangi nuqtalar ochish yoki franshizani ishga tushirishni rejalashtirmayapmiz. Ocha bozorda kuchli ishtirokchi bo‘lib qolmoqda: bir yilda 180 mingdan ortiq porsiya sotilayapti, bu kam sonli loyihalari bo‘lgan boshqa tarmoqlarning sotuvini ancha oshirmoqda. Mahsulotning sifati va o‘ziga xosligi sabab yuqori ko‘rsatkichlarga erishilyapti. Biz faqat oliy sifatli tarkibiy qismlarni qo‘llaymiz, manioko va sharchalarni maxsus uskuna va professional novvoylar bo‘lgan o‘z konditer seximizda tayyorlaymiz. Bularning hammasi eng muhim qadriyatlar bo‘yicha Ocha’ni raqobatchilardan ancha ustun qiladi.

Men “trend” degan so‘z endilikda babl-tiga nisbatan noo‘rin deb hisoblayman. Agar Tailand yoki Vetnamga nazar tashlansa, u yerlarda bu ichimlik 2000-yillarning boshidayoq paydo bo‘lgandi, balki undan ham oldinroq — 25−30 yil oldindir. Bu vaqt orasida u madaniyatning bir qismiga aylanib bo‘ldi.

Toshkentga babl-ti taxminan 2020-yilda kirib keldi. Agar bizda choyni, ayniqsa, shirin choyni yaxshi ko‘rishlari inobatga olinsa — bu yerda ichimlik mahalliy madaniyatning bir qismi bo‘lishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar bor deb aytish mumkin. O‘zbekiston — babl-ti uchun noyob muhit: to‘qqiz oy issiq, tarkibiy qismlar — choy, shakar, qiyomlar, hajmning tannarxi arzon.

Bularning hammasi barqaror talab uchun sharoit yaratib beradi. Hozir babl-ti shov-shuv bo‘lmay qolgan. Haqiqiy trend 2023−2024 yillarda bo‘ldi, ammo, ma’lumki, O‘zbekistonda trendlar qisqa bo‘ladi. Biroq babl-ti yo‘qolib ketmadi, balki mustahkamlanib oldi — demak, bu endi shunchaki moda emas, kundalik hayotning bir elementidir.


Mirotea

Asos solingan sana: 2025

Filiallar soni: 2 ta

Spot uchun sharhlaydi: Samira Mustafaeva va Dmitriy Kim, Mirotea asoschilari

babl-ti, ichimliklar, trendlar

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Biz bu mahsulot bilan anchadan buyon tanishmiz — babl-ti bozori juda rivojlangan Xitoyda tez-tez bo‘lib turardik. U yerda biz har doim bu ichimlikni ichardik va haqiqiy ishqibozlariga aylandik. O‘zbekistonda ham babl-tining ommaviyligi oshayotganini ko‘rganimizda, ortga surib o‘tirmay darhol harakat qilishga kirishdik. O‘sha paytda bizda bu sohada na reja, na tushunish, na tajriba bor edi.

Birinchi nuqtani ochishni cho‘zib o‘tirmadik: mos keladigan joylashuv darrov topila qoldi va bir oydan keyinoq loyihani amalga oshirdik. Albatta, bu yo‘lda qiyinchiliklar yetarli bo‘ldi, lekin hech narsaga qaramay, biz ishlashda va o‘z ishimizga ishonishda davom etyapmiz.

Ta’mlarni ishlab chiqish bilan alohida qiyinchiliklar bo‘lmadi — faqat ish boshida yetkazib berishlarni yo‘lga qo‘yish zarur bo‘ldi. Darrov o‘zimizga yoqqan sifatli tarkibiy qismlarni topdik. Biz uchun ichimliklarning asosi har doim choy bo‘lib qoladi: faqat bargli, yuqori sifatli Xitoy choyidan foydalanamiz va ta’mlarni yaxshilash hamda eng yaxshi mutanosibliklarni tanlab olish ustida ishlayapmiz. Hozir Xitoydan choy va boshqa tarkibiy qismlarni o‘zimiz yetkazib kelishni yo‘lga qo‘yganmiz va hatto boshqa muassasalarga ham yordam beryapmiz.

Eksperimentlar ham bo‘ldi. Masalan, pishloq ko‘pigi bilan matchni aralashtirib sinab ko‘rdik, oldin ta’mi qiziq tuyuldi, lekin ko‘pik matchaga aralashib ketgandan so‘ng, ta’mi ma’qul kelmay qoldi, shuning uchun bu variantdan voz kechib qo‘ya qoldik.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Hammuassimizning biznes yuritish tajribasi borligi uchun ko‘p ortiqcha sarflarga chap berish va hammasi iloji boicha oqilona o‘ylab ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik. Ish boshida millionlarni kiritish emas, zaxiralarni savodli taqsimlash muhim ekanligini tushunardik. Shuning uchun hamma narsani minimal darajada, lekin sifatga e’tibor qaratgan holda qildik.

Uskunalarning bir qismini o‘z biznesi bor bo‘lgan do‘stlarimiz berishdi, birinchi tarkibiy qismlarni esa qarzga oldik — chunki g‘oyaga ishonardik va loyihani tez ishga tushira olishimizni bilardik. Yakunida birinchi nuqtani ochishga $7 mingga yaqin mablag‘ ketdi, bu yangi muassa o‘lchovlari bo‘yicha juda kamtar byudjet.

Xatolar, albatta, bo‘ldi — ularsiz iloji yo‘q. Birinchi nuqtani ochganimizdan uch oy o‘tib, muvaffaqiyatdan ruhlanib ketgan biz, darrov yana ikki nuqtani ishga tushirishga qaror qildik. O‘shanda bu olg‘a qo‘yilgan mantiqiy qadam bo‘lib tuyuldi, ammo xodimlarni tanlab olish va ularni o‘rgatishga ulgurmagandik. Butun zo‘riqish asosiy jamoaga tushdi: yigitlar tongdan tungacha dam olmay ishlashardi. Bu bosqich oson emasdi, lekin u bizni ko‘p narsaga o‘rgatdi, jamoa ichidagi odamlar va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan rivojlanish sur’ati qanchalik muhim ekanligini tushunib olishga yordam berdi. O‘sha paytdan buyon jamoaning o‘ziga katta e’tibor beradigan bo‘ldik.

Hozir haqiqatan ham babl-ti bor bo‘lgan juda ko‘p muassasalar ochilyapti va biz bundan samimiy xursandmiz. Bunday nuqtalar qancha ko‘p bo‘lsa — umuman, ichimliklar madaniyati shunchalik kuchliroq shakllanadi, demak, odamlar yangi narsalarni tatib ko‘rishga ko‘proq qiziqa boshlaydi. Biz boshqa ishtirokchilarni raqobatchi deb qabul qilmaymiz — aksincha, ulardan ba’zilari bilan do‘stlashganmiz, tajriba almashamiz va hatto yetkazib berishlar yoki maslahatlar bilan yordam ham beramiz.

Hozircha kengayishga shoshilmayapmiz. Birinchi navbatda ta’m, sifat va mijoz tajribasiga tayanamiz. Ish jarayonlarini yaxshilayapmiz va marketingda rivojlanyapmiz, chunki u bu biznesda katta rol o‘ynaydi.

O‘zbekistonda babl-ti muntazam ravishda vaqtinchalik mashhurlikdan barqaror iste’mol mahsuloti toifasiga o‘tayapti — xuddi Xitoy va Koreyada bo‘lib o‘tgani kabi.

Ko‘pchilik babl-tini eksperimental yangilik emas, balki iste’mol qilish chastotasi bo‘yicha kofe kabi kundalik ichimlik sifatida qabul qilmoqda. Bu shuni anglatadiki, “tez ichiladigan ichimlik” ko‘rinishi o‘rnashib bormoqda: odatdagi sotish nuqtalari, moslashgan resepturalar va iste’molchida shakllanib ulgurgan odat — bularning hammasi barqaror talab yaratayapti va babl-tini shahar kofe-choy madaniyatining bir qismiga aylantiryapti.