Tesla aksiyadorlari mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan bosh direktor Ilon Mask uchun kompensatsiya paketini ma’qullashdi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu paketning qiymati kompaniya aksiyalarida $1 trlngacha yetishi mumkin.
Ovoz berishda qatnashgan aksiyadorlarning 75%dan ko‘prog‘i rejani ma’qullash uchun ovoz berdi. Bu ko‘rsatkich Mask oldingi ish haqi takliflari bo‘yicha olgan qo‘llab-quvvatlash darajasiga mos keladi.
Natijalar e’lon qilingach, Texas shtatining Ostin shahridagi Tesla zavodi zalida to‘plangan aksiyadorlar “Ilon! Ilon!” deb hayqira boshladilar.
Bitim shartlariga ko‘ra, Mask darhol $1 trln olmaydi. U maosh ham olmaydi. Biroq, agar u kompaniyaga bir qator muhim maqsadlarga erishishda va daromadni oshirishda yordam bersa, yuzlab milliard dollar ishlab topishi hamda Tesla ustidan nazoratini kuchaytirishi mumkin.
Bu to‘siqlarning ayrimlarini yengib o‘tish mushkul bo‘ladi. Ammo ularning ko‘pchiligi Mask yillar davomida bergan va’dalarning yumshatilgan ko‘rinishlaridan iborat, xolos.
Avvalroq Ilon Mask $1 trlnlik mukofot paketini olmasa, Tesla bosh direktori lavozimidan ketishi mumkinligini aytgandi.
Quick Charge podkastida yozuvchi Jo Borras General Motors bosh direktori Meri Barra ushbu lavozimda Maskning o‘rnini egallashi mumkinligini taklif qildi. U Maskning Tesla’dagi ishini “to‘liq bo‘lmagan ish kuni” deb atadi.
Tesla Maskka tegishli X ijtimoiy tarmog‘ida odamlarni uning kompensatsiya paketiga ovoz berishga undash uchun reklamalarni faol ravishda sotib olmoqda.
Avgust oyida Tesla Ilon Maskka $29 mlrdlik mukofot puli berishni ma’qullagandi.
Mask 2027-yilgacha kompaniyadagi muhim lavozimni egallab tursa, 96 mln aksiyaga ega bo‘ladi. Qaror sotuvlarning pasayishi va Teslaning avtomobil ishlab chiqarishdan sun’iy intellekt, robotoaksi va gumanoid texnologiyalariga o‘tishga urinishlari fonida qabul qilindi.
Ushbu paket sud tomonidan ilgari bekor qilingan mukofotni qisman qoplaydi. 2018-yilda direktorlar kengashi Mask uchun Tesla kapitallashuvining o‘sishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan $50 mlrddan ortiq rekord kompensatsiya rejasini tasdiqladi.
Yangi paket Maskning kompaniyadagi ovozlar ulushini asta-sekin oshirib boradi. Direktorlar kengashining fikricha, bu shart uning motivatsiyasini saqlash va e’tiborini Teslaning rivojlanishiga qaratish uchun muhimdir.
Aksiyalarni olish uchun Mask 2027-yilgacha asosiy ijrochi lavozimida qolishi shart. Bundan tashqari, aksiyalarni besh yil davomida sotish taqiqlanadi. Faqat soliqlarni to‘lash uchun yoki har bir aksiyani $23,34dan qaytarib sotib olish hollari bundan mustasno.
