6-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga amaliy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida General Motors International kompaniyasining global ijrochi direktori Shilpan Aminni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda korporatsiya bilan uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. General Motors International kompaniyasining O‘zbekiston avtomobil sanoatini rivojlantirish va diversifikatsiya qilishdagi muhim o‘rni qayd etildi.
So‘nggi 5 yilda kompaniya tomonidan 1,6 mln dona avtomobil ishlab chiqarildi, mamlakat Chevrolet brendi uchun AQShdan keyin ikkinchi yirik bozorga hamda Markaziy Osiyo va MDH bozorlarida sotuvlar bo‘yicha yetakchiga aylangani qayd etildi.
Tomonlar ishlab chiqarish kooperatsiyasini yanada rivojlantirish, mahsulotlar turini kengaytirish va mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga e’tibor qaratdi.
Zamonaviy mashinasozlikda talab yuqori bo‘lgan yangi texnologiyalar va xomashyo resurslari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
2024-yil oktabr oyida O‘zavtosanoat raisi Ulug‘bek Rozuqulov mahalliy avtosanoatda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar yoki xomashyoni o‘z ichiga olgan “juda katta” importni tan olgandi.
Joriy yilning sentabr oyida UzAuto Motors ijrochi direktori Odiljon Bastamqulov kelgusi yillarda avtomobil ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini sezilarli oshirish rejalari haqida ma’lum qildi.
Yangi avlod avtomobillarida — Chevrolet Onix va Tracker — butlovchi qismlarning 58%i allaqachon mahalliylashtirilgan. Kelgusi uch yil ichida avtomobil ishlab chiqaruvchisi buni 80% ga oshirish niyatida.
Joriy yilda UzAuto Motors ikkita yangi — Chevrolet Cobalt MCM va 1,46 mlrd so‘mlik Chevrolet Tahoe 2025 avtomobillarini taqdim etdi. Shuningdek, kompaniya Xorazm Avto zavodining alohida ishlab chiqarish liniyasida Damas minivenining yangi versiyasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq AQSh Senatida Markaziy Osiyo davlatlari uchun Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish taklif etilgani haqida xabar berilgandi. AQSh Rossiya va Xitoy oralig‘ida joylashgan mintaqa mamlakatlariga yangi hamkorlik imkoniyatini taklif etishni rejalashtirmoqda.

