Xalqaro pochta jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan hamda bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlar bojxona nazoratidan o‘tkazilishi kerak.
Pochta aloqasi operatori va ekspress tashuvchi tomonidan jo‘natmalar bojxona ko‘zdan kechiruvi hamda bojxona ko‘rigini o‘tkazish uchun bojxona organlariga taqdim etiladi.
Ushbu jo‘natmalar orqali olib kiriladigan va yuboriladigan tovarlar bojxona nazoratida tashish shartlariga rioya etgan holda manzil bojxona postiga yetkaziladi.
Jo‘natmalarni tashish, yuklash (qayta yuklash), tushirish, saqlash va boshqa shu kabi yuk operatsiyalarini amalga oshirishda yuzaga keladigan xarajatlar pochta aloqasi operatori yoki ekspress tashuvchi hisobidan qoplanadi.
Jo‘natmalar bojxona organlari tomonidan xavfni boshqarish tizimi asosida nazoratdan o‘tkaziladi. Bunda ular deklaratsiya asosida qizil, sariq va yashil yo‘laklar orqali rasmiylashtiriladi.
2021-yili ham hukumat qarori bilan xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangandi.
Spot, avvalroq, Rossiyaning Wildberries marketpleysi UzPost pochta operatoridagi davlat ulushini sotib olgani haqida yozgandi.
