Xalqaro energetika guruhi Gunvor Rossiyaning Lukoyl kompaniyasining xalqaro aktivlarini sotib olish taklifini qaytarib oldi. Bu haqda Politico nashri xabar berdi.

Shveytsariya neft-gaz treyderi AQSh Moliya vazirligi bayonotidan keyin kelishuv bekor qilinganini e’lon qildi. Vazirlik Ukrainadagi mojaro tugaguniga qadar uni ma’qullashdan bosh tortgan. Idoraning X.com'dagi rasmiy hisobida kompaniya “Kreml qo‘g‘irchog‘i” deb taʼriflandi.

“[Vladimir] Putin bema’ni qotilliklarni davom ettirar ekan, Gunvor hech qachon [aktivlarni] boshqarish va foyda olish uchun litsenziya olmaydi”, — deya taʼkidladi AQSh Moliya vazirligi.

Guruhning matbuot kotibi Set Petras Amerika tomonining bayonotini “yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi"ni aytdi. Shu bilan birga, u Lukoyl’ning Rossiyadan tashqaridagi aktivlariga egalik qiluvchi Lukoil International kompaniyasini sotib olishdan voz kechganliklarini tasdiqladi.

Petras, Gunvor doimo mulkdorlar va biznes yuritish bo‘yicha shaffoflik siyosatiga amal qilganini taʼkidladi. So‘nggi o‘n yil ichida guruh Rossiya nefti savdosidan uzoqlashib, Rossiyadagi aktivlarini sotdi, shuningdek, Ukrainadagi mojarolarni qoraladi.

Lukoyl oktabr oyi oxirida Gunvor’ga xorijiy aktivlarini sotishini eʼlon qilgandi. Rossiya kompaniyasi avvaldan kelishilgan shartlar asosida taklifni qabul qildi va boshqa xaridorlar bilan muzokaralar olib bormaslik majburiyatini oldi. Biroq bitimni yakunlash uchun AQSh Moliya vazirligi va Lukoyl faoliyat yuritayotgan boshqa mamlakatlarning ruxsati talab etilardi.

Gunvor kompaniyasi 2000-yilda rossiyalik milliarder Gennadiy Timchenko va shvetsiyalik tadbirkor Torbyorn Tornkvist tomonidan tashkil etilgan. 2014-yilda Timchenko o‘z ulushini Tornkvistga sotdi, u hozirda kompaniyaning 85% dan ortig‘iga egalik qilmoqda.

Gunvor neft va neft mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadi, xom neft aylanmasi bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinni egallaydi. Shuningdek, guruh neftni qayta ishlash zavodlari, quvurlar, neft terminallari, tankerlar va boshqa aktivlarni boshqaradi. Kompaniya dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritmoqda

Avvalroq, Spot AQSh Lukoyl va Rosneft kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritgani haqida yozgandi.