Avvalroq Vashingtonga amaliy tashrifning ishbilarmonlik dasturi yakunida Shavkat Mirziyoyev AQShning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Unda O‘zbekiston Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini joriy etish, Raqamli akademiya va startap-xablar tarmog‘ini yaratish kabi loyihalarni ilgari surish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun DFC korporatsiyasi hamda AQSh Eksimbankini jalb qilishi ta’kidlandi.
Prezident o‘z nuqtida Amerikaning Google, Meta va NVIDIA kompaniyalari sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishidagi loyihalarga qiziqish bildirganini qayd etdi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali lavhasidan ma’lum bo‘ldi.
Shu bilan birga, davlat rahbari bular qatorida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish vasaqlash, shuningdek, raqamli platformalarni tartibga solish masalasi ham borligini ta’kidladi.
“Amerikalik hamkorlar bilan birga qonunchilikni yangilash ishlarini yakunlayapmiz. Bu yangi texnologik sheriklik doirasida Apple Pay va Google Pay global to‘lov tizimlarini ishga tushirish, Raqamli akademiya va startap-xablar tarmog‘ini yaratish imkonini beradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Spot’ga ma’lum bo‘lishicha, bir kun avval Google vakillari bilan O‘zbekistonda to‘lov tizimini ishga tushirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan.
2024-yilning oktabr oyida hukumat Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligiga Alipay, Apple Pay, Google Pay, Paypal, UniPay xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston to‘lov tizimlari va xizmatlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirgandi. Shu bilan birga, milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritish belgilangandi.
Joriy yilning avgust oyida TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani Apple Pay va Google Pay bulutli xizmatlarni cheklovchi shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun tufayli O‘zbekiston bozoriga kira olmayotganini qayd etgandi. BILLZ bosh direktori Rustam Hamdamov esa mamlakatda ma’lumotlarni saqlash xarajatlari yuqoriligi va zamonaviy ma’lumotlar markazlari yetishmasligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, MyTaxi va Express24 asoschisi Akmal Paizievning fikricha, bulutli xizmatlarning yo‘qligi hamda infratuzilma muammolari sababli iste’dodli startaplar qo‘shni davlatlarga chiqib ketmoqda, xorijiy kompaniyalar esa mamlakat bozorini chetlab o‘tmoqda.
Avvalroq Spot AQSh O‘zbekistonga paxta va soya yetkazib berishi haqida yozgandi. Shuningdek, mamlakatda Amerikaning ilg‘or tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etiladi.
