Avvalroq Vashington shahriga amaliy tashrifning ishbilarmonlik dasturi yakunida Shavkat Mirziyoyev AQShning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

O‘tkazilgan davra suhbati yakunida Shavkat Mirziyoyev va AQSh savdo vaziri Xovard Latnik ishtirokida ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xususan, quyidagi hujjatlar imzolangan:

  • Geologiya vazirligi va “Denali Exploration grup” kompaniyasi o‘rtasida nodir yer elementlarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda Re Element Technologies kompaniyasi o‘rtasida nodir metallar sohasida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Flowserve kompaniyasi o‘rtasida nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Valmont Industries Inc kompaniyasi o‘rtasida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish to‘g‘risida bitim;
  • Raqamli texnologiyalar vazirligi va Palo Alto Networks kompaniyasi o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida bitim;
  • Uzbekistan Airways va Boeing kompaniyalari o‘rtasida samolyotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma;
  • Datacrop va Luis Dreyfus Company kompaniyalari o‘rtasida soya dukkaklari va shrot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma;
  • O‘zsanoateksport va Cargill kompaniyasi o‘rtasida paxta yetkazib berish bo‘yicha shartnoma.

Avgust oyida O‘zbekiston AQShdan paxta import qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi. AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi va AQSh Paxta Assotsiatsiyasi bilan kechgan uchrashuvda GSM-102 dasturi doirasida O‘zbekistonga AQSh paxtasini yetkazib berish, kredit limitini oshirish va Made from U.S. Cotton tashabbusini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.

Sentabrda Uzbekistan Airways Boeing korporatsiyasi bilan Boeing 787−9 Dreamliner samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Kelishuv doirasida 14 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotini xarid qilish va shu turdagi 8 ta havo kemasini opsion sifatida olish ko‘zda tutilgan. Ularni yetkazib berish 2031-yildan boshlanadi.

Avvalroq GM O‘zbekistonda Chevrolet modellarini kengaytirib, mahalliylashtirishni oshirishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar yangi texnologiyalar va xomashyo resurslari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.