Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Vashingtonga amaliy tashrifi doirasida Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oval xonada o‘tkazilgan muzokarada yetakchilar O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi. C5+1 formatida Markaziy Osiyo va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Tramp Mirziyoyevning AQSh hukumati vakillari, yirik kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuv va muzokaralarini olqishladi. Yetakchilar qo‘shma loyihalarni ilgari surishning institutsional mexanizmlarini yaratish va takomillashtirish muhimligini ta’kidladilar.




Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida “misli ko‘rilmagan savdo-iqtisodiy kelishuv” amalga oshirilganini ma’lum qildi.
“Yaqin uch yil ichida O‘zbekiston Amerikaning muhim minerallar, aviatsiya, avtomobil butlovchi qismlari, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika va kimyo, axborot texnologiyalari va boshqa muhim tarmoqlariga qariyb $35 mlrd, kelgusi o‘n yilda esa $100 mlrddan ortiq investitsiya kiritadi va xaridlarni amalga oshiradi”, — deb yozdi u.
Shu bilan birga, Tramp Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, “mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli va samarali munosabatlarni intizorlik bilan kutamiz”, deya xulosa qildi.



Ikki mamlakat o‘rtasida quyidagi hujjatlar imzolangandi:
- Geologiya vazirligi va “Denali Exploration grup” kompaniyasi o‘rtasida nodir yer elementlarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda Re Element Technologies kompaniyasi o‘rtasida nodir metallar sohasida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Flowserve kompaniyasi o‘rtasida nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Valmont Industries Inc kompaniyasi o‘rtasida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish to‘g‘risida bitim;
- Raqamli texnologiyalar vazirligi va Palo Alto Networks kompaniyasi o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida bitim;
- Uzbekistan Airways va Boeing kompaniyalari o‘rtasida samolyotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma;
- Datacrop va Luis Dreyfus Company kompaniyalari o‘rtasida soya dukkaklari va shrot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma;
- O‘zsanoateksport va Cargill kompaniyasi o‘rtasida paxta yetkazib berish bo‘yicha shartnoma.
Avgust oyida O‘zbekiston AQShdan paxta import qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi. AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi va AQSh Paxta Assotsiatsiyasi bilan kechgan uchrashuvda GSM-102 dasturi doirasida O‘zbekistonga AQSh paxtasini yetkazib berish, kredit limitini oshirish va Made from U.S. Cotton tashabbusini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
Sentabrda Uzbekistan Airways Boeing korporatsiyasi bilan Boeing 787−9 Dreamliner samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Kelishuv doirasida 14 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotini xarid qilish va shu turdagi 8 ta havo kemasini opsion sifatida olish ko‘zda tutilgan. Ularni yetkazib berish 2031-yildan boshlanadi.
Avvalroq Uzbekistan Airways Boeing Dreamliner samolyotlari uchun buyurtmasini 22 tagacha oshirgani haqida xabar berilgandi. Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasida 8 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotiga berilgan opsionlarni qat’iy buyurtmaga aylantirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Shu tariqa, aviakompaniyaning umumiy buyurtmasi 22 ta samolyotga yetdi.







