O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kelgusida viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar boshlanishi mumkin, ammo bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu haqda YIning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar 6-noyabr kuni X Yevropa kinofestivalining ochilishida Gazeta’ga ma’lum qildi.

Elchi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangandan so‘ng vizalar bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyatga erishgan Yevropa Ittifoqi va Qozog‘iston misolini keltirdi.

“Menimcha, O‘zbekiston bilan ham shunday jarayon bo‘lishi mumkin. Lekin bu ertagayoq sodir bo‘lmaydi. Hammasi munosabatlarimiz qanchalik mustahkamlanishiga bog‘liq bo‘ladi, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim esa buning uchun yaxshi asos bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi diplomat.

shengen, viza, yevropa ittifoqi

Elchi Toyvo Klaar. Foto: YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi

Toyvo Klaar viza tartibini soddalashtirish O‘zbekiston fuqarolari uchun “qanchalik muhim va qiziqarli ekani"ni tushunishini qayd etdi. “Lekin biz Kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni endigina imzolaganimiz uchun buni bosqichma-bosqich olib borishimiz kerak”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hujjat bu masala bo‘yicha muloqot imkoniyatini nazarda tutadi. “Endi muloqot va jarayon to‘g‘ridan to‘g‘ri rivojlanishi uchun munosabatlarimizni mustahkamlash ustida ishlashimiz kerak”, — qayd etdi Toyvo Klaar.

Viza masalasining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillar haqida gapirar ekan, elchi o‘zbekistonliklarning YI mamlakatlaridagi ijobiy va vijdonli tajribasi muhimligini ta’kidladi.

“Fuqarolar viza qoidalari va qolish muddatlariga rioya qilsa, keyingi qadamlar uchun yaxshi zamin yaratadi”, — deya tushuntirdi u.

Joriy yilning 24-oktabr kuni O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Hujjat 1996-yilgi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga asoslangan O‘zbekiston — Yevropa hamkorligining huquqiy bazasini yangilaydi hamda sezilarli darajada kengaytiradi.

Yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019-yil fevral oyida boshlanib, 2022-yil iyul oyida yakunlangan. Hujjat 2022-yil 6-iyul kuni Bryussel shahrida parafirlangan edi.

Bitim 9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat. U ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamrab oladi hamda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, fan va ta’lim, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishiga alohida e’tibor qaratgan holda, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga huquqiy asos yaratadi.

Avvalroq Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ikki davlat kompaniyalari o‘rtasidagi munosabatlarni qonuniy asosda kengaytirish imkonini berishini qayd etgandi.