Markaziy bank sentabr-oktabr oylarida tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarini monitoringdan o‘tkazdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Monitoringdan maqsad — moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari uchun axborotlar oshkor etilishi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etilishini hamda foydalanuvchilarning to‘liq va ishonchli maʼlumot olish huquqi taʼminlanishni tekshirish.
Monitoring natijasida qator kamchiliklar va qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Jumladan, davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga rioya etilmasdan ayrim banklarning veb-saytlarida maʼlumotlar davlat tilida joylashtirilmaganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, ayrim banklar axborotlarni oshkor etish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya qilmagan. Ularning veb-saytlarida kredit taʼminotiga olingan garov mulklarini qarz qoldig‘iga mutanosib tarzda bosqichma-bosqich garovdan chiqarish tartibi joylashtirilmagani aniqlandi.
Xususan, Agrobank, Anor bank, Hayot bank, Universal bank, Garant bank, Asakabank, Turonbank, Infinbank, Mikrokreditbank, Trastbank, Madad Invest bank, Soderot bank, Orient Finans bank, Ipoteka-bank, Tenge bank, Ziraat bank Uzbekistan, AVO bank va Open bank‘larning veb-saytlarida ushbu tartib joylashtirilmaganligi kuzatildi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra Markaziy bank tomonidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan banklarning har biriga nisbatan 102 mln so‘mdan jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda rasmiy veb-saytlardagi maʼlumotlarni qonunchilik talablariga to‘liq moslashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar yuborildi.
Markaziy bank barcha tijorat banklaridan axborotlarni isteʼmolchilarga oshkor etishda davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga so‘zsiz rioya etilishini talab etadi.
Shu bilan birga, rasmiy veb-saytlarda joylashtirilayotgan maʼlumotlarning to‘liqligi va dolzarbligi taʼminlanishi kerak. Joylashtirilgan axborotlarni oshkor etishda isteʼmolchilarining to‘liq, ishonchli va tushunarli maʼlumot olish huquqi hisobga olinishi kerak.
Avvalroq Spot Markaziy bank sentabrda 8 ta bankni jarimaga tortgani haqida yozgandi.
