Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlarida yo‘llanma asosida budjet mablag‘lari hisobidan bir qator shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Bular:

  • tuman (shahar) va hududiy darajalarda — aholining barcha toifalariga;
  • respublika darajasida — imtiyozli bemorlarga.

Tibbiy yordam olish uchun bemorlar o‘zi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga murojaat qiladi. Biriktirilgan oilaviy shifokor tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi hamda tor soha mutaxassisi ko‘rigiga yo‘naltiriladi.

Mutaxassis tomonidan bemorlar 1 ish kunida amaldagi klinik protokollar hamda tashxislash va davolash standartlariga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Bemorlarga statsionar sharoitda tibbiy yordam olishga ko‘rsatma bo‘lganda, tor soha mutaxassisi yoki oilaviy shifokor tomonidan tuman darajasidagi tibbiyot muassasasida rejali statsionar tibbiy yordam olish uchun axborot tizimi orqali yo‘llanma beriladi.

Bemor maʼlumotlari respublika darajasidagi yo‘nalish bo‘yicha tibbiy-tanlov komissiyalari tomonidan o‘rganiladi va natijasi bo‘yicha 2 ish kunida elektron axborot tizimi orqali xulosa beriladi.

Noyabr oyi avvalida prezident orfan va irsiy kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatish dasturini tasdiqlagandi.

Parvarishga muhtojlar uchun ijtimoiy xizmat vaucherlari onlayn berilishi haqida xabar berilgandi.


Avvalroq Spot tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun qator imtiyozlar joriy etilishi haqida yozgandi.