Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShda NVIDIA kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda mamlakatning sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha NVIDIA kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalari e’lon qilindi.
Xususan, umumiy quvvati 1 MVt bo‘lgan ikkita hisoblash klasteri loyihalari ko‘rib chiqilmoqda. Ulardan biri ta’lim va tadqiqotlar uchun, ikkinchisi esa raqamli hukumat, tibbiyot, banklar va sanoat sun’iy intellekt loyihalari uchun ishlatiladi.
Yakuniy bitimlar 2026-yilda imzolanishi kutilmoqda. Vazirlikning aniqlik kiritishicha, shartnomalarni rasmiylashtirish muddatlari uskunalarning mavjudligi va eksport nazorati masalalarini AQSh hukumati bilan kelishishga bog‘liq bo‘ladi.


Bundan tashqari, O‘zbekiston $3 mlnlik Nvidia ishlanmalaridan foydalangan holda AI Center of Excellence ta’lim kompleksini ishga tushiradi.
Qayd etilishicha, bu yerda sun’iy intellekt o‘qituvchilarini o‘qitish va malaka oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Shuningdek, hukumat Nvidiadan yetakchi oliy o‘quv yurtlarida superkompyuter sun’iy intellekt infratuzilmasini yaratish uchun uskunalar sotib olish niyatida. Xarid bitimini rasmiylashtirish joriy yil oxirigacha rejalashtirilgan.
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi tajriba almashish bo‘ladi. Nvidia O‘zbekiston bilan sun’iy intellekt loyihalarini boshqarish, uni iqtisodiyotda qo‘llash va ekotizimlarni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar haqida ochiq ma’lumot almashadi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Apple Pay va Google Pay’ni ishga tushirish uchun qonunchilikni yangilayotgani haqida yozgandi.
Prezident AQSh kompaniyalari bilan raqamli platformalarni tartibga solish va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha qonunchilik yangilanayotganini ma’lum qildi.


