O‘zbekiston AQSh kompaniyalaridan kichik modulli reaktorlar sotib olishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi AQSh Davlat departamenti.
O‘tgan hafta Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh rahbarlari o‘rtasidagi C5+1 formatidagi sammitda ishtirok etish uchun AQShga ish tashrifi bilan bordi. Tashrif doirasida prezident Donald Tramp bilan uchrashdi.
Uchrashuvdan so‘ng AQSh prezidenti “misli ko‘rilmagan savdo-iqtisodiy kelishuv” doirasida 2028-yil oxirigacha Amerika iqtisodiyoti O‘zbekistondan tovarlar yetkazib berish va investitsiyalar hisobiga qariyb $35 mlrd olishini yozdi. 2035-yilga kelib ularning umumiy hajmi $100 mlrddan oshishi kutilmoqda.
Bitimlardan biri atom energetikasiga taalluqli. AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonning Amerika energetika kompaniyalaridan kichik modulli reaktorlarni sotib olish majburiyati haqida ma’lum qildi, biroq kompaniyalar nomi keltirilmadi.
Biroq O‘zbekiston tomoni AQShdan kichik modulli reaktorlarni sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida xabar bermagan. Spot Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligiga (O‘zatom) so‘rov yubordi.
Sentabr oyi oxirida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat yangi konfiguratsiyasi bo‘yicha kelishib oldi.
Qo‘shimcha kelishuvga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 bazasidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi.
Yaqinda O‘zatom rahbari Azim Axmedxo‘jayev mamlakat hududlarida yangi kichik quvvatli atom stansiyalari qurilishiga ruxsat berdi. 2024-yil oktabr oyida agentlik kichik atom elektr stansiyasi uchun 14 ta potensial maydonni batafsil o‘rganishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.
Oktabr oyida kichik quvvatli atom stansiyasini qurishning asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida Rossiya loyihasi bo‘yicha qurilayotgan RITM-200N reaktorli energoblok kotlovanini qazish ishlari boshlandi.
Avvalroq O‘zbekiston $8,5 mlrdga 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyotini sotib olishi haqida xabar berilgandi.
