O‘zbekistonda 2025-yil oxirigacha Coursera onlayn ta‘lim platformasi kurslari o‘zbek tiliga tarjima qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Sherzod Shermatov AQShning yirik onlayn ta‘lim platformalaridan biri Coursera kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda O‘zbekiston va Coursera o‘rtasida AT-ta‘limni rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos sertifikatlash tizimini joriy etish hamda global ta‘lim resurslariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda yagona milliy AT-ta‘lim reyting tizimini yaratish ko‘rib chiqildi. Sertifikatlash jarayonlarini takomillashtirish hamda raqamli ta‘lim ekotizimini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuvda Coursera tomonidan 2025-yil oxirigacha 3000 ta kursni o‘zbek tiliga tarjima qilish orqali xalqaro sifatli ta‘lim resurslariga kengroq kirish imkonini yaratish masalasiga e‘tibor qaratildi.
Muzokaralar davomida bitiruvchilarni ish bilan ta‘minlashni qo‘llab-quvvatlash va sanoat bilan hamkorlikni kengaytirish orqali AT-ta‘lim jarayonini takomillashtirish muhimligi ta‘kidlandi.
Hozirda Coursera platformasida 1,5 mlndan ortiq o‘zbekistonlik o‘rganuvchilar onlayn ta‘lim olmoqda. Platforma Google, AWS, Nvidia, Meta va Microsoft kabi jahon miqyosidagi yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan o‘quv dasturlarni yaratish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatgan.
2023-yili O‘zbekistonda Coursera bilan onlayn kurslarning yangi mahalliy platformasi ishga tushirilgandi.
Joriy yilning aprelidan Coursera masofaviy ta’lim platformasi O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgandi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Nvidia’dan 1 MVtlik SI uchun ikkita klaster sotib olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
