Ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash tizimi takomillashtiriladi. Bu haqdagi tegishli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Hujjat bilan, qonun hujjatlariga Migratsiya agentligining vakolatlarini aniqlashtirish, ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususiy bandlik agentliklariga ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunar va chet tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini belgilangan tartibda tashkil qilish huquqi berildi.
Shuningdek, ushbu jarayonga chet ellik ish beruvchilar jalb etiladi. Zaxira qilinadigan mablag‘larni tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirish hisobidan olinadigan foiz daromadlari mustaqil ravishda tasarruf etiladi.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi yiliga 120 soatdan oshmasligi to‘g‘risidagi talab chiqarib tashlandi.
Shu bilan birga, ish vaqtidan tashqari ishning 1 kundagi birinchi 2 soati uchun kamida 1,5 hissa miqdorida, 2 soatdan ortiq qismi uchun kamida 2 hissa miqdorida haq to‘lanishi belgilandi.
Avgust oyida ish beruvchilarga xodimlar mehnati uchun kunlik to‘lov tartibi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda ish tashlash huquqi qonun bilan belgilanishi mumkinligi haqida yozgandi.
