Shavkat Mirziyoyevga inflyatsiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta‘minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan vazifalar to‘g‘risida axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ichki bozorni to‘yintirish va inflyatsiya omillarini jilovlash bo‘yicha izchil ishlar tufayli barqaror iqtisodiy o‘sish ta‘minlanayotgani, inflyatsiyani pasaytirish va milliy valyutani mustahkamlashda ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi.

2025-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, yillik inflyatsiya darajasi o‘tgan yilgi 10,2% dan 7,8% gacha pasaygan. 2026-yilda bu ko‘rsatkichni 7% gacha tushirish, 2027-yilda esa 5% doirasida ushlab turish rejalashtirilmoqda.

Shu maqsadda ichki bozorda tovar va xizmatlar taklifini rag‘batlantirishga alohida e‘tibor qaratiladi. Xususan, 2026-yilda banklar agrar tarmoq, oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytiradi.

Yig‘ilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta‘minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rish muhimligi ta‘kidlandi.

Yuqori o‘sish sur‘atlari va aholi bandligini ta‘minlash maqsadida kelgusi yilda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga ajratiladigan kreditlar hajmi 450 trln so‘mga yetkaziladi.

Davlat rahbariga mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha berilgan topshiriqlarning ijrosi haqida axborot berildi. Yil boshidan buyon tadbirkorlik subyektlariga 116 trln so‘mlik kreditlar ajratildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘p.

Mahallabay ishlash doirasida 89 ming fuqaroning biznes tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, ularga 1,1 trln so‘mlik kreditlar ajratildi. Yil yakuniga qadar mazkur ko‘rsatkich 100 ming nafarga yetkaziladi.

2026-yilda ham kambag‘allikni qisqartirish, aholini tadbirkorlikka faol jalb etish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish rejalashtirilgan. Mikro, kichik va o‘rta biznesni kreditlash hajmini 140 trln so‘mga yetkazish, yana 100 ming fuqaroning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mo‘ljallangan.

Prezident aholi va biznes uchun barqaror moliyaviy muhit yaratish, bank tizimiga ishonchni mustahkamlash hamda moliya bozorida sog‘lom raqobatni rivojlantirish bundan buyon ham bank-moliya siyosatining bosh vazifasi bo‘lishi lozimligini ta‘kidladi.

Mutasaddilarga inflyatsiyani jilovlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimiz makroiqtisodiy barqarorligini mustahkamlash yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar berildi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston iqtisodiyoti 2028-yilgacha qanday rivojlanishi haqida yozgandi.