Ijarada yashaydigan talabalar endi ijara to‘lovining bir qismini my.gov.uz portali oriali qaytarib olishi mumkin. Bu haqda portalning Telegram-kanlalida xabar berildi.
Buning uchun portalga kirib, unda “Davlat oliy taʼlim muassasalari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish” xizmatini tanlash kerak.
Bunda hech qanday hujjat talab etilmaydi, tizim avtomatik ravishda tekshiradi.
Ariza ijobiy ko‘rilgan taqdirda Toshkent shahridagi talabalar 1 BHM (412 ming so‘m), viloyatlardagi talabalar — 0,5 BHM (206 ming so‘m) miqdorida to‘lovni qaytarib oladi.
Qayd etilishicha, arizalar har oyning 1−7-kunlari qabul qilinadi.
Ijara kompensatsiyasini qoplab berish
Hukumatning 2021-yilning 24-sentabridagi qarori bilan ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismini budjetdan qoplab berish tartibi belgilangan.
Bunda davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq yashovchilarga to‘lovlar qoplab beriladi. Bu ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyi doirasida tatbiq etilmaydi. Ijara shartnomalarini hisobga qo‘yish xizmatidan bu yerda foydalanish mumkin.
OTMlarning birinchi bosqich talabalariga ikki oylik ijara pulini shartnomasiz to‘lab berish tizimi 2022-yilda ishga tushgan.
2023-yilning aprelida ijara to‘lovini qoplab berishni soddalashtirish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Avgustga kelib talabalarni turar-joy bilan ta’minlash tizimini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan ijara to‘lovining bir qismini qoplash uchun talabalarga qo‘yiladigan ayrim talablar bekor qilinib, talabgorni aniqlash mezonlarini belgilash vakolati OTMdagi komissiyaga berildi.
Spot, avvalroq, sentabrda Toshkentda uy-joy ijara narxi oshgani haqida yozgandi.
