Adolat partiyasi yo‘llardagi qoidabuzarliklarga qarshi kurashishda jarimalardan ko‘ra qattiqroq choralar qo‘llashni yoqlamoqda. Bu haqda partiya siyosiy kengashi raisining o‘rinbosari Islom Hamroyev O‘zbekiston 24 telekanali efirida ma’lum qildi.

Partiya rahbari Robaxon Mahmudovaning yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzuvchilar uchun jazoni kuchaytirish tashabbusi katta rezonans keltirib chiqardi, dedi siyosatchi. Uch kun ichida material 15 mlndan ortiq marta ko‘rildi, izohlar esa hatto xorijdagi o‘zbekistonliklardan ham kelib tushdi.

Biroq o‘quvchilar va tomoshabinlarning aksariyati takliflar bilan tanishib chiqib, noto‘g‘ri xulosaga kelishdi. Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab sharhlovchilar qoidabuzarliklar uchun jarimalarni oshirish taklifini bildirgan.

“Aslida, matnda jarimalar haqida hech qanday so‘z yo‘q. Ammo kimdir izohlarda jarimalar haqida yozishi bilanoq, yuzlab odamlar bu haqda yozishni boshladi”, — dedi Hamroyev.

Adolat partiyasi rahbari o‘rinbosarining ta’kidlashicha, gap muntazam ravishda yo‘l harakati qoidalarini buzish haqida ketmoqda — bir oyda 10 martadan ortiq.

Partiya bunday holatlarda haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish muddatini 10 yilgacha oshirishni tavsiya qilmoqda. Hozirda maksimal jazo muddati uch yilni tashkil etadi.

Mahmudova oktabr oyida O‘zbekiston yo‘llarida avariyalarga qarshi kurashish tashabbusini e’lon qilgan edi. Adolat rahbari tezlikni sezilarli darajada oshirganlik uchun haydovchilik guvohnomasini 3 yildan 10 yilgacha muddatga olib qo‘yish, shuningdek, maktablar va bolalar bog‘chalari yaqinida qoidabuzarliklar uchun qattiqroq choralar ko‘rishga chaqirdi.

Shuningdek, mast holatda inson o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilar uchun umrbod haydovchilik huquqidan mahrum etish jazosini belgilash kerakligi ham bildirildi.

Bundan tashqari, yo‘l qoidalarini muntazam ravishda buzgan haydovchilarning sug‘urta to‘lovlarini keskin oshirish mumkinligi, bu orqali iqtisodiy javobgarlik kuchaytirilishi qayd etilgan.


Avvalroq Spot besh oyda 114 mingdan ziyod haydovchi jarima bali olgani haqida yozgandi.