Xitoyning GX jamg‘armasi O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalariga toza ichimlik suvi yetkazib berishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Vazir Asilbek Xudayarov Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, GX jamg‘armasi raisi Lyan Chjenin bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida jamg‘arma bilan o‘zaro munosabatlarni yana-da kengaytirish, xususan, mamlakatdagi tibbiyot muassasalariga toza ichimlik suvi yetkazib berish loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Sentabr oyida ikki davlat SSVlari o‘rtasida tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Hukumatlararo bitim imzolangandi. Kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha ham yaxshi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
2024−2025-yillarda 350 nafardan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislar Xitoyning yirik tibbiyot muassasalarida o‘tkazilgan o‘quv kurslari va seminarlarda qatnashgan.
O‘z navbatida, xitoylik shifokorlar ishtirokida oxirgi 5 yilda ular bilan birga katarakta bilan aziyat chekayotgan 3 mingdan ziyod bemorlarda jarrohlik muolajalari bajarilgan.
Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi doirasida tibbiy xizmatlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolangandi.
Avvalroq Spot tibbiyot muassasalariga menejerlikka o‘qigan tadbirkorlar rahbar bo‘lishi haqida yozgandi.
