Yevropa Ittifoqi 2026-yilgacha Xitoy onlayn savdo platformalaridan kelayotgan har bir jo‘natma uchun 2 yevro miqdorida yig‘im joriy etishni taklif qildi. Bu haqda Finacial Times xabar berdi.

2025-yil mayida Yevropa Ittifoqi rahbarlari 2028-yilgacha bunday yig‘imni joriy etishni muhokama qilgan edi.

Bu qoidalar Xitoyning Shein, Temu, Alibaba va boshqa savdo platformalariga qarshi yo‘naltirilgan.

Yevropa Komissiyasi mahalliy chakana sotuvchilarni “adolatsiz raqobat"dan himoya qilish maqsadida, jo‘natmalarni qayta ishlash uchun umumevropa yig‘imini tezroq joriy etishni kelishib olishishdi.

Qayd etilishicha, hozirda 150 yevrogacha bo‘lgan buyurtmalar bojxona to‘lovidan ozod qilingan. Endi esa uni bekor qilish taklif etildi.

Ayrim Yevropa mamlakatlari allaqachon milliy darajada shunday mexanizmdan foydalanmoqda. Masalan, Ruminiyada yig‘im 5 yevrogacha yetadi.

FT ta’kidlashicha, 2024-yilda yevropalik xaridorlar tomonidan buyurtma qilingan 4,6 mlrd jo‘natmaning 80% dan ortig‘i xitoylik sotuvchilarga tegishli bo‘lgan.

2025-yil may oyida AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy va Gonkongdan $800 gacha qiymatli jo‘natmalarni bojdan ozod qilish qoidasini bekor qildi.

Bu qaror iste’molchilar uchun narxlarning oshishiga va mamlakatda Xitoy savdo platformalarining oylik faol foydalanuvchilari soni kamayishiga olib keldi. 2025-yilning mart-iyun oylari oralig‘ida AQShda Temu foydalanuvchilari soni 51% ga qisqardi.


Avvalroq Yevrokomissiya Gucci va boshqa kompaniyalarga 157 mln yevro jarima solgandi.

Qayd etilishicha, Gucci bilan birga Chloé va Loewe kompaniyalari ham chakana sotuvchilarga brend mahsulotlarining narxini mustaqil belgilashni taqiqlagan.