Temu Xitoydan AQShga mahsulot yetkazib berishni to‘xtatadi. Bu haqda CNBC nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xitoyning Temu chakana savdo kompaniyasi AQSh bojlari tufayli strategiyani o‘zgartirdi.

Prezident Donald Tramp o‘z farmoni bilan mamlakatga qiymati $800 yoki undan past bo‘lgan tovarlarni bojsiz olib kirish imkonini beruvchi de minimis qoidasini bekor qildi.

Shuningdek, u Xitoyning Shein kabi kompaniyalarini ham, Amazon kabi Amerika gigantlarini ham rejalarini o‘zgartirish va narxlarni oshirishga majbur qilib, Xitoy mahsulotlariga bojlarni 100%dan ko‘proqqa oshirmoqda.

CNBC xabariga ko‘ra, Temu ham zarar ko‘rgan va amerikalik xaridorlar o‘z hisoblariga 130%dan 150%gacha “import yig‘imlari” qo‘shilganini aniqlashgan.

Biroq, hozirda kompaniya Xitoydan AQShga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahsulotlar yetkazib bermayapti. Buning o‘rniga, u faqat AQShdagi omborlarda mavjud bo‘lgan tovarlar ro‘yxatinigina ko‘rsatmoqda, Xitoydan jo‘natilgan tovarlar esa omborda yo‘q deb belgilanmoqda.

“AQShdagi iste’molchilar uchun Temu narxlari o‘zgarishsiz qolmoqda, chunki platforma mahalliy buyurtmalarni bajarish tizimiga o‘tmoqda”, — deya ta’kidladi Temu vakili o‘z bayonotida.

Endilikda AQShdagi barcha savdolar mahalliy sotuvchilar tomonidan amalga oshiriladi va buyurtmalar mamlakat ichida bajariladi.

Vakilning qo‘shimcha qilishicha, kompaniya platformaga qo‘shilish uchun AQShdan sotuvchilarni faol jalb qilmoqda va uning so‘nggi qadami mahalliy savdogarlarga ko‘proq mijozlarni jalb qilish va biznesni rivojlantirishga yordam berish uchun mo‘ljallangan.

O‘zbekistonda Temu faoliyati

2024-yil oxirida O‘zbekistonda elektron tijorat uchun yangi qoidalar tasdiqlandi. 28-dekabrdan boshlab o‘zbekistonlik foydalanuvchilar bilan ishlaydigan xalqaro platformalar yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Yangi qoidalar nima uchun joriy etilgani va ular bozorga qanday ta’sir ko‘rsatishini Spot avvalroq ko‘rib chiqqandi.

Ayrim platformalar yuqoridagi talablarga moslasha boshladi, biroq Temu bunday qilmadi. Xitoy marketpleysi O‘zbekistonda faol targ‘ibotni olib bordi, biroq yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazmadi.

Elektron tijorat sohasini tartibga soluvchi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Temu faoliyatiga bir necha bor izoh berib, ehtimoliy bloklanishi borasida ogohlantirgandi.

Joriy yilning 20-martidan platformaga kirish cheklanadi. Foydalanuvchilarga yangi buyurtmalarni rasmiylashtirmaslik, agar buyurtma qilingan bo‘lsa, to‘lovni qaytarish tavsiya etildi.

ILMA elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev Spot’ga bergan intervyusida Temu faoliyatini cheklashda nima uchun aynan shu muddat tanlangani, blokirovka qanday bo‘lishi va kompaniya cheklovlardan qochish uchun nima qilishi mumkinligiga izoh berdi.