Shavkat Mirziyoyevga temir yo‘l sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimot qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2024-yilni temir yo‘l tarmog‘i birinchi marta sof foyda bilan yakunladi, joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston temir yo‘llari'ning sof foydasi 800 mlrd so‘mdan oshdi. Tranzit va yo‘lovchi tashish, eksport va investitsiya hajmlari o‘sib bormoqda. Bular bilan cheklanmay, aholi soni va iqtisodiyot o‘sishiga mos ravishda xizmatlar sifati va qamrovini kengaytirish, tarmoqda xarajatlarni qisqartirishni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Transport hisobidan boshlab, harakat oqimigacha bo‘lgan barcha bosqichlarda sun’iy intellekt asosida nazorat o‘rnatish orqali xarajatlarni tahlil qilish, yo‘l qo‘yilayotgan yo‘qotishlarni aniqlash va shu asosda tannarxni 20% ga kamaytirish mumkinligi qayd etildi.

2026−2030-yillarda yo‘lovchi va yuk tashish hajmini kamida ikki barobarga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun 151 kilometr yangi temir yo‘l qurish, 182 kilometr masofadagi yo‘llarni elektrlashtirish hamda 27 ta mavjud stansiya va 1 ming km yo‘lni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Jumladan, Nurafshon — Pskent — Bo‘ka — Bekobod — Boyovut — Yangiyer va Xovos — Dashtobod yo‘nalishlarida elektrlashtirilgan yangi temir yo‘llar quriladi.

Qumqo‘rg‘on — Quduqli, Samarqand — Urgut va Baytqo‘rg‘on — Parkent yo‘llarini elektrlashtirish, Toshkent — Samarqand, To‘qimachi — Angren va Angren — Pop yo‘llarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish ko‘zda tutilgan.

Mamlakat bo‘ylab shaharlar atrofida qatnaydigan poyezdlar harakatini faollashtirish uchun mavjud 40 ta yo‘nalishga qo‘shimcha yana 15 ta yangi yo‘nalish ochish taklif qilindi.

Bular qatorida quyidagi yo‘nalishlar bor:

  • Toshkent — Nurafshon — Ohangaron — Angren;
  • Navoiy — Zarafshon — Uchquduq;
  • Qo‘qon — Namangan — Andijon — Marg‘ilon;
  • Termiz — Qumqo‘rg‘on — Boysun — Darband;
  • Nukus — Shovot — Urganch — Xiva;
  • Jizzax — Do‘stlik — Aydar-Arnasoy ko‘li;
  • Qarshi — Shahrisabz va boshqa.

Bu kabi yo‘nalishlarda shahar atrofi qatnovlarini yo‘lga qo‘yish orqali aholining kundalik safarlari uchun qulay sharoit yaratilishi qayd etildi.

Yig‘ilishda yuqori tezlikda harakatlanuvchi tarmoqni kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Uzunligi 102 kilometrlik Navoiy — Buxoro temir yo‘l liniyasini foydalanishga kiritishni jadallashtirish topshirildi. Bu yo‘lning ishga tushishi yuk va yo‘lovchi tashishda vaqt va xarajatlarni sezilarli qisqartirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Oktabr oyi oxirida transport vaziri Ilhom Mahkamov prezident O‘zbekiston temir yo‘llari, Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kabi yirik kompaniyalarga xizmat tannarxini kamida 20% gacha pasaytirish vazifasini yil yakuniga qadar yakunlashni topshirganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq O‘zbekistonda temir yo‘llarning holati dronlar orqali nazorat qilinishi haqida xabar berilgandi. O‘zbekkosmos direktori Shuhrat Qodirov yo‘l qurilishi jarayonlari hamda yo‘l qoplamalarining nuqsonlari aerokosmik monitoring orqali tahlil qilinishini qayd etdi.