Prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha El-yurt umidi jamg‘armasi ikkinchi ochiq stipendiya tanlovini e’lon qildi.

Joriy yilgi ikkinchi stipendiya tanlovi uchun jami 277 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, shundan 100 tasi bakalavriat, 122 tasi magistratura hamda 50 tasi doktorantura uchun belgilangan. Shu jumladan, kambag‘al oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha 5 ta o‘rin ajratilgan.

Tanlovda bakalavriat uchun 30 yoshgacha, magistratura uchun — 22−40 yosh hamda PhD uchun 25−45 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar ishtirok etishlari mumkin.

Magistraturaga hujjat topshirishda nomzodlar 1 yildan ortiq, doktorantura uchun esa 2 yildan ortiq ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Bakalavriat bosqichi uchun IELTS sertifikati kamida 6 ball, magistratura va doktorantura uchun esa 7 ball (yoki shunga teng boshqa xalqaro sertifikat) bo‘lishi talab etiladi.

Quyidagi hujjatlarni topshirish lozim:

  • jamg‘arma ijrochi direktori nomiga ariza (namunasi platformada mavjud);
  • xorijiy universitetning qabul xati (Letter of Acceptance);
  • mehnat daftarchasi nusxasi (mavjud bo‘lsa);
  • attestat yoki diplom nusxasi;
  • xalqaro til sertifikati;
  • motivatsion insho va boshqalar.

Nomzodlar xorijiy ta’lim muassasasi haqidagi ma’lumotlarni platformaga kiritishlari kerak. Unda oliygoh joylashgan mamlakat, reytingi, bilim va ta’lim sohalari, o‘qish uchun to‘lov hamda universitet ajratgan grant miqdori ko‘rsatiladi. Tizimdagi mavjud universitetlar ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.

Stipendiyalar xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda bakalavriat uchun 3−4 yilgacha, magistratura (ordinatura) — 1−2 yil hamda doktorantura (aspirantura) uchun 3−4 yilgacha ta’lim dasturlari bo‘yicha uchun ajratiladi.

Bir yilgacha bakalavriatga tayyorlov kurslari (Foundation year/course) xarajatlari o‘qishning umumiy muddati 4 yildan oshmasligi sharti bilan moliyalashtirilishi mumkin.

Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan stipendiatlarga quyidagi xarajatlar qoplab beriladi:

  • o‘quv to‘lovi (tuition fees);
  • viza olish;
  • tibbiy sug‘urta;
  • yo‘lkira xarajatlari (bir o‘quv yilida bir marta);
  • yashash va turarjoy ijarasi xarajatlari;
  • zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish;
  • boshqa xarajatlari.

Hujjatlar jamg‘armaning el-yurt.uz onlayn platformasi orqali joriy yilning 26-noyabrigacha qabul qilinadi.

Batafsil ma’lumotlarni havola yoki @eyufadmissionbot orqali olish mumkin.

Joriy yilning may oyida El-yurt umidi jamg‘armasi prezident huzurida qayta tashkil etilgandi. Xorijiy top universitetlarga kirgan yoshlarga El-yurt umidi stipendiyasi tanlovlarsiz ajratiladi.

Avvalroq El-yurt umidi jamg‘armasining stipendiya tanlovi doirasida top-300 talik oliygohga kirganlar uchun o‘qish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda ishlashi haqida xabar berilgandi.