Qirg‘iziston Energetika vazirligi mamlakatdagi barcha mayning fermalarini o‘chirishga qaror qildi. Bu haqda 24.kg xabar bermoqda.

Milliy elektr tarmoqlari kompaniyasi xodimlari kriptovalyutalarni qazib olish uchun ishlatiladigan uskunalarni tarmoqdan o‘chirib, hisoblagichlarni plombaladi.

Cheklovlar energetika tizimidagi vaziyat barqarorlashgunga qadar saqlanib qoladi, deya ma’lum qildi Energetika vazirligi.

Vazirlik rahbari Taalaybek Ibrayev bu qarorni elektr energiyasi taqchilligi bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar To‘xtag‘ul suv omboridagi suv zaxiralarini saqlab qolish va qish mavsumida mamlakatni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun zarur.

“Hozirgi elektr energiyasi taqchilligi sharoitida mamlakat bo‘ylab barcha mayning fermalarini to‘liq o‘chirishga qaror qilindi. Bu masala mening alohida nazoratimda”, — dedi Ibrayev.

To‘xtag‘ul suv omborining hajmi 2024-yil noyabriga nisbatan 2 mlrd kub metrga kamaydi. Vazir Qirg‘iziston aholisini 2026-yilda bahorgi suv toshqini boshlanguncha suv sathini kritik darajadan yuqori ushlab turish uchun energiyani tejashga chaqirdi.

Yaqin vaqtgacha Qirg‘izistonda umumiy quvvati 60 MVt bo‘lgan ikkita qonuniy mayning fermasi faoliyat yuritgan, dedi prezident Sadir Japarov. Ulardan biri Qambar-Ota-2 GESida, ikkinchisi Keminda joylashgan va Rossiyadan import qilinadigan energiya bilan ishlaydi. Ikkala ferma ham sovuq mavsum tugashidan oldin o‘chirildi.

Oktabr oyi oxirida Qirg‘iziston Binance kompaniyasining BNBChain raqamli blokcheyn platformasida Qirg‘iziston somiga 1:1 nisbatda bog‘langan KGST milliy steyblkoinini ishga tushirdi. Qirg‘iziston Milliy banki davlat darajasidagi hisob-kitoblar uchun ishlatiladigan o‘z raqamli valyutasini ishga tushirishga tayyorlanmoqda.

Avvalroq Qirg‘izistondagi maktablarda mamlakatda elektr energiyasi yetishmovchiligi sababli energiya tejamkorligi choralari joriy etilgandi.

Qayd etilishicha, Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasining qaroriga muvofiq, “Ta'lim tashkilotlarida elektr energiyasi taqchilligini kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilingan.

“O‘quv jarayoni tugagandan so‘ng (barcha darslar tugagandan so‘ng) 60 daqiqadan kechiktirmasdan, sinf xonalarini tozalash vaqtini hisobga olgan holda elektr ta’minoti o‘chirilishi kerak,” — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ushbu cheklov binoning ishlashi va saqlanishini ta’minlaydigan muhandislik tizimlari va uskunalariga taalluqli emas.

Shuningdek, ushbu talablar ta’lim oluvchilarning yashashi ta’minlanadigan obyektlar va muassasalarga, shu jumladan, yotoqxonalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.


Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda mayning uchun maxsus zona tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.