Tibbiyot muassasalarida pulli xizmat ko‘rsatish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, mijoz rejali tibbiy yordam olish uchun tegishli yo‘llanmasiz, o‘z ixtiyori bilan murojaat qilsa, xizmat pulli asosda ko‘rsatiladi.
Davlat tomonidan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida kafolatlangan paket doirasida bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlardan tashqari xizmatlar qo‘shimcha hisoblanadi va pulli asosda ko‘rsatiladi.
Mijoz tibbiyot muassasalarining ro‘yxatga olish bo‘limlari tomonidan qabul qilinadi va ro‘yxatga olinadi. Har bir mijozning tibbiy kartasiga uning shaxsini tasdiqlovchi maʼlumotlari asosida pulli xizmat ko‘rsatilishi belgilanadi.
To‘lov oldindan to‘liq qabul qilinadi. Tasdiqlangan narxnoma bo‘yicha haq to‘lagandan so‘ng maslahat olish uchun mutaxassis shifokorga yoki instrumental-laborator tashxis qo‘yishga yuboriladi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra tor soha mutaxassisi ko‘rigiga yuborish va (yoki) mijozga ambulator yoki statsionar sharoitda davolanish chorasi belgilanadi.
Spot, avvalroq, ayrim bemorlarga davlat budjeti hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatilishi haqida yozgandi.
