Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida ipoteka obligatsiyalari emissiyasi va muomalasi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Nizom sekyuritizatsiya jarayonlarini, buning uchun pulga kiritiladigan ipoteka kreditlariga qo‘yiladigan talablarni, ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va ularning muomalasi, shu jumladan REPO operatsiyalarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Shu bilan birga, u bank-originatorlar, maxsus vakolatli tashkilot, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi, ILMA, Markaziy depozitariy va sekyuritizatsiya bitimining boshqa ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini tartibga soladi.

O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan maxsus vakolatli tashkilot — UMRC SPV mamlakatning beshta banki tomonidan berilgan ipoteka kreditlarini sekyuritizatsiya qilish orqali 1 trln so‘mlik ipoteka obligatsiyalarini sinov tariqasida chiqaradi.

Joriy yilning sentabr oyida UMRC SPV ipoteka obligatsiyalarini chiqarish sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Kompaniya banklardan ipoteka kreditlari jamlanmalarini balansiga qabul qilib, ta’minoti ostida ipoteka obligatsiyalarini chiqaradi.

Tadbirkorlik subyektlarining yagona reestri ma’lumotlariga ko‘ra, UMRC SPV joriy yilning 1-aprelida tashkil etilgan hamda to‘liq Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasiga tegishli. Ustav kapitali — 1 mlrd so‘m. Kompaniya rahbari IQMK bosh direktori Murodjon Farmonov hisoblanadi.

Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan ILMA va boshqa manfaatdor tashkilotlarga ipoteka krediti sohasida yangi moliyaviy vositalarni yaratishni nazarda tutuvchi “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirilgandi. Hujjatni 1-iyulgacha hukumatga kiritish ko‘zda tutilgandi.

Iyulga kelib, ILMA ipoteka obligatsiyalari sohasida “tartibga solish qumdoni"ni joriy etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjat ushbu turdagi qog‘ozlar emissiyasi bo‘yicha tajriba loyihalarini sinovdan o‘tkazishni boshlashga xizmat qiladi, deya qayd etdi regulyator.

Avvalroq Markaziy bank rivojlangan mamlakatlar obligatsiyalarini sotib olishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Regulyator diversifikatsiyani AQSh davlat qog‘ozlaridan boshladi, chunki ular yuqori likvidlikka ega. Biroq, Markaziy bank kompaniyalarning aksiyalarini sotib olishni ko‘rib chiqmayapti.