Avvalroq Spot 15-noyabr kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari umumiy qiymati $1,2 mlrdlik yettita loyihani ishga tushirgani haqida yozgandi.

Yangi Toshkentda Ostona nomli turar-joy massivini qurish rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Bugun Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Yangi Toshkentda Ostona turar joy mavzesi qurilishiga start berdi. Loyiha Qozog‘istonning BI Group developer kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Birinchi bosqich uchun 10,5 gektar yer ajratilgan. Loyiha qiymati $200 mln, qurilish maydoni 25,66 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda jami 3162 ta xonadon quriladi.

Qurilish vazirligining ta’kidlashicha, Ostona massivining me’moriy yechimlari odamlar uchun zamonaviy, ekologik toza, qulay yashash muhitini yaratishga qaratilgan va Yangi Toshkentning umumiy shaharsozlik konsepsiyasi bilan uyg‘unlikda shakllantirilgan.

Yangi Toshkent loyihasini amalga oshirish boshlanganidan buyon 2 mln kvadrat metrdan ortiq qurilish maydoni o‘zlashtirildi va 20 mingdan ortiq xonadonlar qurilishi boshlandi. Shahar hududida 10 km uzunlikdagi qirg‘oq zonasi yaratilmoqda, shuningdek, 1 mlndan ortiq daraxt va ko‘chatlar ekildi.

Hozirda Yangi Toshkentda umumiy qiymati $5 mlrddan ortiq bo‘lgan 100 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.

Avgust oyida BI Group majoritar aksiyadori va direktorlar kengashi raisi Oydin Rahimboyev O‘zbekistonda prefabrikatsiya zavodlarini qurish, jumladan, fasad materiallari ishlab chiqarish rejalari haqida gapirgan edi.

Bundan tashqari, Rahimboyev o‘z hisobidan O‘zbekistonda yiliga 5 ming kishiga mo‘ljallangan o‘quv-mashg‘ulot markazini qurishni taklif qildi. Markaz malakali ishchilar, jumladan, muhandis-texnik menejerlar va oddiy ustalarni tayyorlaydi.


Avvalroq Spot Yangi Toshkentda qiymati $100 mlnlik futbol stadioni qurilishi boshlangani haqida yozgandi.

Stadion 2027-yili O‘zbekiston va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun qurilmoqda.