Ustyurtda neft va gaz qazib olish 3−5 yil ichida boshlanadi. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Report axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Dastlabki uch yilda seysmorazvedka, burg‘ilash va dastlabki natijalarni olish rejalashtirilgan. Birinchi qazib olishga kirish uchun, zarur infratuzilma qurilishini hisobga olgan holda, uch yildan besh yilgacha vaqt kerak bo‘ladi”, — dedi vazir.

Energetika vazirining ta’kidlashicha, loyiha uchun ajratilgan uchastkalarda ilgari burg‘ilash ishlari olib borilmagan, biroq ishlar qo‘shni hududlarda olib borilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, SOCAR tarixiy ma’lumotlarni o‘rganib chiqib, ishtirok etishga qaror qilgan. O‘tgan asr oxirida Ustyurt mintaqasida katta kashfiyotlar kutilmagan edi, ammo zamonaviy texnologiyalar yer qa’rining yuqori salohiyatini ochib berdi — buni tadqiqot natijalari ham, mustaqil tahliliy kompaniyalarning baholari ham tasdiqlaydi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov Ustyurt platosidagi neft va gaz zaxiralari bo‘yicha hisob-kitoblarni oshkor qilmadi va bu ma’lumotlar SOCAR va O‘zbekneftgaz o‘rtasidagi mahsulot taqsimotiga oid kelishuvning tijoriy qismiga tegishli ekanini ta’kidladi.

“Biroq mutaxassislar va birinchi navbatda SOCAR mutaxassislari neft bo‘yicha yaxshi ko‘rsatkichlarni prognoz qilishmoqda. Bashoratlar tasdiqlangan taqdirda, biz parallel ravishda neftni qayta ishlash zavodi qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Ozarbayjon kichik tonnajli kimyo loyihalari ustida ishlamoqda. Bo‘lajak loyihalar infratuzilma va logistika tufayli Buxoro, Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi maxsus industrial iqtisodiy zonalarda amalga oshirilishi mumkin.

Energetika vazirining ta’kidlashicha, tomonlar neft-kimyo mahsulotlari yoki uglevodorodlarni uchinchi davlatlarga eksport qilish uchun qo‘shma korxona tashkil etish masalasini muhokama qilmayapti. Hozir O‘zbekiston o‘z ishlab chiqarishini ko‘paytirishga e’tibor qaratmoqda, deya xulosa qildi Mirzamahmudov.

Yaqinda O‘zbekiston Ustyurt tumani bo‘yicha mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimda ishtirok etish uchun BP transmilliy neft-gaz kompaniyasi bilan dastlabki muzokaralar olib borayotgani ma’lum bo‘ldi.

Ustyurt platosidagi loyiha

2024-yil avgust oyida O‘zbekneftgaz va SOCAR neft-gaz sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Ozarbayjon davlat kompaniyasi Ustyurt platosida geologiya-qidiruv ishlarini boshladi.

Joriy yilning 24-iyul kuni Ozarbayjon kompaniyasi bilan Ustyurt platosida mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimni imzolandi. Loyiha doirasida seysmik va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, uglevodorodlar qazib olish rejalashtirilgan.

Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bilan Ustyurt platosi bo‘ylab mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi kelishuv O‘zbekistonga importni to‘liq qoplash va chorak asr davomida neftga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash imkonini beradi. Qazib olingan gaz ichki bozorga yo‘naltiriladi, sanoat esa “arzon va sifatli neft mahsulotlari” bilan ta’minlanadi.

Uch bosqichda amalga oshiriladigan loyiha doirasida qariyb $2 mlrd sarmoya o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Rejalashtirilgan zaxiralar — 100 mln tonna neft va 35 mlrd kub metr tabiiy gaz. Ustyurt platosida yiliga 5 mln tonna neft qazib olish rejalashtirilgan — bu hozirgi importdan 2,5 baravar ko‘p.

Avgust oyida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev SOCAR O‘zbekistonda neft konini o‘zlashtirishga kirishganini ma’lum qilgandi. “Umid qilamizki, yaqin bir-ikki yil ichida biz yaxshi yangiliklarga ega bo‘lamiz. Barchamiz O‘zbekistonda yirik neft koni ochilishi haqidagi xabarni intiqlik bilan kutmoqdamiz”, — dedi u.

Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston sanoati tarixida birinchi marta Ustyurt platosida 6,5 ming metr chuqurlikda “ulkan gaz zaxiralari” aniqlanganini e’lon qildi.

Avvalroq Spot Siemens Energy O‘zbekiston gaz transport tizimini elektrlashtirishi mumkinligi haqida yozgandi.