O‘zbekiston va Siemens Energy gaz dvigatellarini elektr dvigatellariga almashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

AQShning Honeywell kompaniyasi bilan yoqilg‘i-energetika sohasida ishlab chiqarish loyihalari rejalashtirilgan. Sun’iy intellektni texnologik jarayonlar va sanoatga faol joriy etish uchun Honeywell ishchi guruhi seminar o‘tkazadi.

Energetika vazirligi Ustyurt mintaqasida burg‘ulash sohasida Schlumberger kompaniyasi bilan faol hamkorlik qilishni, jumladan zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etishni maqsad qilmoqda.

Shuningdek, vazirlik turli xil gaz haydash agregatlari, dvigatellar va kogeneratsiya qurilmalarini ishlab chiqaradigan Caterpillar kompaniyasining sho‘ba korxonasi Solar Turbines bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi.

“Siemens Energy bilan gaz uzatish tizimini elektrlashtirish va tabiiy gazdan foydalanadigan dvigatellarni elektr dvigatellariga almashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz”, — dedi Mirzamahmudov.

Energetika vazirining aniqlik kiritishicha, Siemens Energy AQShda elektr dvigatellar ishlab chiqaradi. Siemens nemis konglomerati Shimoliy Karolina va Missuri shtatlarida elektr dvigatellari ishlab chiqarish quvvatlariga ega.


Avvalroq Spot O‘zbekiston AQShdan kichik modulli AES reaktorlari sotib olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.