Avvalroq 17-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng ikki mamlakat yetakchilari Shovot-Toshhovuz qo‘shma chegaraoldi savdo zonasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.

Mazkur hududda direksiya, bojxona, karantin, fitosanitariya va veterinariya xizmatlarining ma’muriy binolari, savdo pavilyoni va omborlar joylashgan.

Bu yerda “yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatiladi, interfaol tizimlar, bank, tibbiyot va mehmonxona xizmatlari uchun zarur infratuzilma, shuningdek, katta avtoturargoh ham tashkil etilgan.

Zona faoliyati umumiy aholisi 3,5 mlndan ziyod bo‘lgan Xorazm va Toshhovuz viloyatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishi kutilmoqda.

Tomonlar Shovot-Toshhovuz chegaraoldi savdo zonasi tajribasini boshqa manzillarda, birinchi navbatda, Buxoro viloyatidagi Olot hamda Turkmanistonning Lebap viloyatidagi Farab chegara hududida qo‘llashga kelishib oldi.

Shovot-Toshhovuz chegara o‘tish joyi yaqinida savdo zonasi qurilishi 2022-yil oktabr oyida boshlangandi. Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi arafasida zonani tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish bo‘yicha ishlar to‘g‘risidagi protokol imzolandi.

2024-yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Turkmaniston erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, turkmanistonliklar va qo‘shni davlat orqali kelayotgan xorijliklar vizasiz hududda 15 kungacha qolishlari mumkin bo‘ladi.

Hududda faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosi tashkil qilinadi. Chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirish huquqi berilgan “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimi amal qiladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov avgust oyi boshida Turkmaniston tomoni bilan Shovot-Toshhovuz zonasining faoliyat yuritishi bo‘yicha kelishuvni imzolash va uni tez orada ishga tushirishga kelishib olgandi. Shu bilan birga, o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish rejasini tasdiqlash masalasi kelishib olindi.

Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda umumiy investitsiya makonini yaratishni taklif qilgani haqida yozgandi.