28-fevral kuni “O‘zbekiston — Turkmaniston” erkin savdo zonasini tashkil etish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, erkin savdo zonasi Xorazm viloyatining Shovot tumanida tashkil etilib, unda tovarlarni saqlash, saralash, sotish, transport va boshqa xizmatlar infratuzilmasi bo‘ladi.

Savdo zonasida yangi texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash va saralash xizmatlari ko‘rsatiladi.

“Yagona darcha” va interaktiv mexanizmlar asosida bojxona, soliq, sertifikatlash, fitosanitariya, veterinariya, transport xizmatlari, mavjud infratuzilma va imkoniyatlar o‘rganilib, bank va valyuta ayirboshlash, mobil aloqa hamda mijozlar uchun tibbiy, mehmonxona, avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.

Faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosi tashkil qilinadi. Chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirish huquqi berilgan “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimi amal qiladi.

O‘zbekiston hududida bo‘lgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlar harakatlanish hujjatlari asosida alohida nazorat o‘tkazish punkti orqali o‘tadi va ortga qaytishga faqat kirilgan nazorat o‘tkazish punkti orqali ruxsat etiladi.

Shuningdek, savdo zonasida shaxslar, transport vositalari va yuklar erkin harakatlanadi. Bino va inshootlar tadbirkorlarga onlayn auksion savdolari orqali ijaraga beradi.

Avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston xalqaro yuk tashuvlari uchun yig‘im va to‘lovlarni optimallashtirishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar haydovchilar uchun viza berish tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha kelishuv imzolashni rejalashtirmoqda.