Avvalroq Shavkat Mirziyoyev paxtachilikda samaradorlikni ilg‘or tajriba va texnologiyalar asosida oshirish, qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Taqdimotda mahalliy paxta navlarini yaratish ishlari ham alohida ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonda paxtachilik bo‘yicha ikkita noyob ilmiy institut — Genomika markazi va Paxtachilik instituti borligi, lekin ularning imkoniyati to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Navlarni seleksiya qilish asosida paxta urug‘chiligini yanada rivojlantirish maqsadida bu institutlarda fitotron va reproduksion issiqxona qurish topshirildi. Natijada yangi mahalliy nav yaratishga kerak bo‘lgan vaqt 2,5 barobar qisqaradi, olimlarning ishi tezlashib, import urug‘ga ehtiyoj qolmaydi.

Shuningdek, g‘o‘zani plyonka ostiga ekish tajribasini ommalashtirish rejalari ko‘rib chiqildi. Prezident sohada agrodronlardan foydalanishni kengaytirish, bu borada mutaxassislarni tayyorlash muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.

Qishloq xo‘jaligiga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalasi ham kun tartibida bo‘ldi. Hozirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va xorijiy kompaniyalar hamkorligida bu borada kadrlar tayyorlash va ilmiy infratuzilma yaratish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, taqdimotda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.

2026-yildan paxta-g‘alla, mevalar va dukkakli ekinlar bo‘yicha hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash tizimini yo‘lga qo‘yish, sug‘urta mukofotining 50% ini budjetdan qoplab berish taklif qilindi.

Subsidiyalar tizimini soddalashtirish maqsadida hozirda turli idoralar tomonidan berilayotgan 75 turdagi subsidiyani yagona platforma orqali ajratib boradigan Agrar sohada to‘lov agentligini tashkil etish tashabbusi bildirildi.

Bu fermerlar uchun ortiqcha ovoragarchilik va byurokratiyani keskin kamaytirishi ta’kidlandi. Prezident takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Avvalroq Spot AQShning John Deere kompaniyasi O‘zbekistonga $300 mlnlik qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishi haqida yozgandi. Shuningdek, Amerika bilan birga agrar sohada kadrlar tayyorlanadi, soya va paxta yetishtirish bo‘yicha tajriba almashiladi.